Bitiruvchilarga diplomlar topshirildi
Guliston davlat pedagogika institutida 2025–2026-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi tantanali ruhda bo‘lib o‘tdi. Quvonch va hayajonga boy tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etishdi.
Marosimni ochib bergan institut rahbariyati yoshlarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan samimiy tabriklab, ularning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va zimmasidagi yuksak mas’uliyat haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, diplom nafaqat oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat, balki Vatan va xalq oldidagi fidoyilik, kasbiy mas’uliyat hamda ishonch ramzi hamdir.

Tadbir davomida bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Bu quvonchli lahzalar yillar davomida egallangan bilim va ko‘nikmalar, ustozlar mehnati hamda ota-onalarning mehr-ishonchi mujassam bo‘lgan unutilmas onlarga aylandi.

Qayd etilganidek, bugungi bitiruvchilar ertangi kunning malakali pedagoglari, olimlari, rahbarlari va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislardir. Ular Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, yosh avlod kamoloti va yurt ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

— Bugun institutimiz hayotidagi eng quvonchli va mas’uliyatli kunlardan biri. 2025–2026-o‘quv yilida 1026 nafar yosh mutaxassis mustaqil hayot sari ilk qadam qo‘ymoqda. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2,3 barobar o‘sish demakdir.
Ularning kelgusi faoliyati uchun munosib shart-sharoit yaratish doimiy e’tiborimizda. Ayni paytga qadar 588 nafar yoshning ish bilan ta’minlanishiga erishildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 30 foiz yuqori natija bo‘lib, institutda bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasini ko‘rsatadi.
Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. «Kelajakka qadam» dasturi doirasida o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan 67 nafar yoshga jami 1 milliard 939 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bu ularning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ta’lim dargohida tahsil olgan yillar davomida yoshlarimiz nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarni egalladilar, balki ilmiy izlanishlar, innovatsion loyihalar, jamoatchilik ishlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalarida ham faol ishtirok etib, salmoqli yutuqlarga erishdilar. Respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiadalar, tanlovlar hamda ilmiy anjumanlarda qo‘lga kiritilgan natijalar institutimiz nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdi.
Ishonchim komilki, bugun diplom qo‘lga kiritayotgan yoshlar ertaga o‘z sohasining malakali mutaxassisi sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti, ta’lim tizimini rivojlantirish va yosh avlodni har tomonlama barkamol tarbiyalash yo‘lida munosib mehnat qiladilar, — deydi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nurbek Ayaqulov.

Tantanali marosim yakunida bitiruvchilarga tanlagan kasbiga sadoqat bilan xizmat qilish, xalq ishonchini oqlash, yuksak insoniy qadriyatlarga sodiq qolish hamda Vatan taraqqiyoti yo‘lida yuksak natijalarga erishish tilaklari bildirildi.


— Bugun men uchun hayotimdagi eng quvonchli va unutilmas kunlardan biri. Guliston davlat pedagogika institutining «Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi» yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlab, bakalavr diplomini qo‘lga kiritdim. Bu diplom men uchun bir necha yillik mehnatimning munosib samarasi va kelgusi maqsadlarim sari tashlangan muhim qadamdir. Bizga ishonch bildirgan ustozlarimiz va ota-onalarimizning mehrini oqlash, egallagan bilimlarimizni Vatan taraqqiyoti, yosh avlod tarbiyasi va jamiyat ravnaqi yo‘lida safarbar etish — eng asosiy burchimiz, — deydi institut bitiruvchisi Shohjahon Hamdamov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri