Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Qolaversa, Prezidentimiz yoshlarni “Xalqimizning oltin fondi” deb, ularning tarbiyasi, bilim olishi, o‘z salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratib berish muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
Shu bois ham yurtimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganish borasidagi intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu masalalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida ko‘tarilgan dolzarb mavzu va vazifalarda ham o‘z aksini topdi.
Muloqotda oliy ta’lim tizimida olib borilgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda yoshlarning oliy ta’limga qamrovi 9 foizdan 42 foizga ko‘tarilgani, oliygohlar soni 3 barobarga oshgani qayd etildi. Shuningdek, xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paygani, ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni esa 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetgani ta’kidlandi.
Birgina Andijon mashinasozlik instituti misolida oladigan bo‘lsak, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida institutda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga xalqaro me’yor hamda talablarni joriy etish borasida juda katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga institutning ilmiy salohiyati 18 foizdan 43 foizga yetkazildi.
Bugungi kunda institutda 300 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar 9 ming nafarga yaqin talabaga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ustoz-pedagoglarning 19 nafari fan doktori, 92 nafari fan nomzodi hisoblanadi. Bundan tashqari, ayni paytda doktoranturada 23 ta ixtisoslik bo‘yicha jami 150 nafardan ortiq doktorantlar, tayanch doktorantlar va maqsadli izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
O‘tgan yillar davomida jami davlat ilmiy texnika dasturlari doirasida o‘nga yaqin ilmiy loyihalar amalga oshirildi. Mazkur loyihalar doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan иккиta ilmiy laboratoriya tashkil etildi.
Muloqotda eng dolzarb masalalaridan biri – bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi oldimizdagi eng muhim vazifa va muammolardan biri ekanligi alohida aytib o‘tildi.
Yurtboshimiz ushbu masalaga e’tibor qaratar ekan, bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yosh mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalayotganini bildirdi. Yoshlar o‘rtasidagi yuqori ishsizlikning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirdi. Bu muammoni hal qilish uchun ishsizlikka qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tarilishini, буniнг uchun 100 million dollar ajratilishini aytdi.
Bu borada biz – oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga bir qator muhim topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbarining bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, joriy yil mart-aprel oylarida sun’iy intellekt, robototexnika, dron, kiberxavfsizlik kabi ixtirochilik yo‘nalishlarida “Oliygoh kubogi”ni o‘tkazish, eng yaxshi startap loyihalarni moliyalashtirishni jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlarini o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining muloqot davomidagi har bir so‘zi, taklif va topshiriqlarini tinglab, shaxsan o‘zim tegishli xulosalar chiqardim. Yoshlar bilan ishlash, ayniqsa, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, aniq natijalarga erishish muhimligini chuqurroq angladim. Bugungi yoshlarning orzu-intilishlari, maqsadlariga erishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan malakali mutaxassislar qilib tayyorlash yo‘lida bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Umidjon Turdaliyev,
Andijon davlat texnika instituti professori, texnika fanlari doktori.
O‘zA