Bitiruvchilar bandligi – dolzarb vazifa
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro davlat universitetida bitiruvchi talabalar bilan tizimli uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu kabi muloqotlar yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navbatdagi ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv universitetning Iqtisodiyot va turizm, Sport va san’at, Filologiya fakultetlari bitiruvchilari bilan o‘tkazildi. Unda bitiruvchilarning kelgusi mehnat faoliyati, ularni ish bilan ta’minlash masalalari hamda zamonaviy imkoniyatlar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda universitet rektori Obidjon Hamidov bitiruvchilar bandligini ta’minlashda raqamli platformalarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. U career.edu.uz va vacancy.uz kabi elektron tizimlar orqali ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini kuzatib borish va o‘z rezyumesini joylashtirish tartiblari haqida tushuntirish berdi. Bunday raqamli xizmatlar yosh mutaxassislarning ish topish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi ta’kidlandi.
Universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Jumayev esa talabalarga o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlash, shartnoma to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda mavjud akademik qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur tashkiliy ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, bitiruvchilarning diplom oldidan bajarishi lozim bo‘lgan muhim vazifalari haqida ham ma’lumot berildi.
Muloqot davomida bitiruvchilarni mehnat bozoriga tayyorlash va ularning bandlik darajasini oshirishga qaratilgan yangiliklar ham taqdim etildi. Ayniqsa, yoshlarning startap loyihalarini amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish va innovatsion g‘oyalarni bozorga olib chiqish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, viloyatdagi bank muassasalari mas’ul xodimlari tomonidan davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ham tushunchalar berildi. Xususan, bitiruvchilarni tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish hamda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yaratilgan imkoniyatlar yoshlar uchun katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
[gallery-28177]
– Biz uchun har bir bitiruvchining taqdiri universitetimizning yuzi va erishgan natijasidir, – deydi universitet rektori Obidjon Hamidov. – Maqsadimiz faqat diplom topshirish bilan cheklanib qolish emas. Biz har bir bitiruvchini mehnat bozorida munosib o‘rin topgan, raqobatbardosh va o‘z biznesiga ega bo‘lgan yetuk mutaxassis sifatida ko‘rishni istaymiz.
Uchrashuvlar davomida har bir bitiruvchi bilan birma-bir suhbatlashildi. Ularning ish bilan ta’minlanganlik holati, xorijiy tillarni bilish darajasi hamda kelgusi rejalari o‘rganildi. Ayniqsa, Iqtisodiyot va turizm fakultetining 980 nafar bitiruvchisi hamda Sport fakultetidagi 16 ta ta’lim yo‘nalishi vakillarining bandlik holati alohida tahlil qilindi.
Bunday muloqotlar yosh mutaxassislarning kelajak rejalarini aniq belgilash, ularni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari