Birodar shaharlar yoshlarni ekodiplomatiya atrofida birlashtirdi
Poytaxtimizdagi Ashxobod sayilgohida “Toshkent – Ashxobod birodar shaharlar: yoshlarni birlashtiruvchi maskan va ekodiplomatiya sari qadam” mavzusida keng qamrovli eko-tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan O‘zbekiston Ekologik harakati hamda Yosh volontyorlar akademiyasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, Toshkent shahar hokimligi, do‘stlik jamiyatlari, hamkor tashkilotlar, xorijiy talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasida 2017-yilda o‘rnatilgan birodarlik aloqalari bugungi kunda madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, mazkur do‘stona munosabatlarning amaliy ifodasi sifatida Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘i va Toshkent shahrida “Ashxobod” bog‘ining tashkil etilgani ikki xalq o‘rtasidagi samimiy aloqalarning yorqin timsoli ekani ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari turkman xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi sifatida Toshkent shahri markaziy ko‘chalaridan biriga buyuk turkman shoiri Maxtumquli nomi berilganini alohida e’tirof etdi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik va tarixiy umumiylikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim qadam sifatida baholandi.

Eko-tadbir doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish va ekodiplomatiyani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ko‘chat ekish aksiyasi va ekologik targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA