Birlashib, buyuk tarix yaratamiz
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar, belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatini davlat xizmatchilariga yetkazish maqsadida «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz» mavzusida «Ma’rifat karvoni» tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda Guliston shahar bo‘limi tomonidan tashkil etildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari hamda davlat xizmatchilari ishtirok etishdi.
Ma’rifiy tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Xayitov ochib berdi va olib bordi.
Unda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, bugungi bunyodkorlik ishlari, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini oshirish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda Guliston davlat universiteti professori, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni sohibi Ravshanbek Mahmudov, Adliya boshqarmasi bo‘lim bosh maslahatchisi Dilnoza Umrzoqova, Guliston davlat universiteti o‘qituvchisi Umurzoq Alibekov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Guliston shahar bo‘linmasi rahbari Ikrom Norbekov mavzu yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.
Ma’ruzalarda davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadrini yuksaltirish, jamiyat taraqqiyoti, qonun ustuvorligi, ma’naviy-ma’rifiy yuksalish hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi ustuvor vazifalar haqida fikrlar bildirildi.

Shuningdek, davlat xizmatchilarining jamiyat hayotidagi mas’uliyati, aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolar murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashish, ularga sifatli va sidqidildan xizmat ko‘rsatish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida faoliyat yuritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida ma’ruzalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri