Buyuk tarix — birdamlikdan boshlanadi
Sayxunobod tumanida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida yurtimiz taraqqiyotining bugungi bosqichi, amalga oshirilayotgan islohotlar va jamiyat oldida turgan ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz» mavzusida «Ma’rifat karvoni» ilmiy-ma’rifiy seminari o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Seminarda Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, universitetning Tarix kafedrasi katta o‘qituvchisi Umurzoq Alibekov, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi, Targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Dilnoz Umurzoqova, shuningdek, korxona va tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlari hamda umumta’lim maktablari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

Muloqotlarda mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, ularning aholi hayotidagi amaliy natijalari, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi islohotlar hamda taraqqiyotning bugungi bosqichidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik, daxldorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularni yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni xususida fikrlar bildirildi.

Tadbirning amaliy qismida targ‘ibotchilarning hududlarda ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Auditoriya bilan muloqot o‘rnatish, turli yosh va ijtimoiy guruhlar bilan ishlash, murakkab mavzularni sodda va tushunarli tarzda yetkazish, zamonaviy usul va yondashuvlardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni faqat tadbirlar o‘tkazish bilan cheklab qo‘ymasdan, aholi va yoshlarni qiziqtirgan masalalar bilan uyg‘unlashtirish, joylardagi muammolarni o‘rganish va tushuntirish ishlarini manzilli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

«Ma’rifat karvoni»ning Sayxunoboddagi uchrashuvi ishtirokchilar uchun mamlakat taraqqiyotining bugungi bosqichi haqida fikr almashish bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha tajriba almashish maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri