24 oktyabr – BMT tashkil topgan kun
Sayyoramizdagi eng global tuzilma – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ta’bir joiz bo‘lsa, roppa-rosa 78 yoshga to‘ldi. Ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga aynan 1945 yil asos solingani bejiz emas. Binobarin, bu qadam Ikkinchi jahon urushi davrida sodir etilgan vahshiyliklarga munosib javobdir.
Xalqaro hamjamiyat sa’y-harakati samarasi o‘laroq, insoniyatning dahshatli urush takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik xohishi va ishonchidan kelib chiqib tuzilgan BMT yer yuzida tinchlik va xavfsizlik, xotirjamlik va osoyishtalik, inson huquqini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlarni birlashtirishga xizmat qiladigan universal xalqaro tuzilma hisoblanadi.
BMTning vazifasi va faoliyati yo‘nalishi 1945 yil 26 iyun kuni San-Fransiskoda 50 mamlakat tomonidan tasdiqlangan Nizomda bayon etilgan maqsad va tamoyil negizida belgilanadi.
1954 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan ushbu hujjat Tashkilot tuzilmasini, nizo va tajovuzga yechim topishning asosiy mezonini mustahkamlagan. Bu muhim sana 1948 yildan buyon butun dunyoda BMT tashkil topgan kun sifatida keng nishonlanadi. Shunisi e’tiborga sazovorki, BMT Nizomi inson huquqi muhofazasiga qaratilgan, global miqyosda qo‘llab-quvvatlangan ilk hujjatdir. O‘sha qoidalar oradan uch yil o‘tib, 1948 yil Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida aks etgan.
BMT Nizomida Tashkilotning quyidagi to‘rt asosiy vazifasi ko‘rsatilgan:
xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish;
millatlar o‘rtasida do‘stona aloqani rivojlantirish;
xalqaro muammolarni hal etish va inson huquqi hurmat qilinishini rag‘batlantirish;
xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va umumiy maqsadga erishishda millatlar sa’y-harakatini muvofiqlashtirish.
BMT Nizomi asosida ilk bor Ikkinchi jahon urushi oqibatida achinarli ahvolga kelib qolgan Yevropa hududida yashovchi xalqlarga gumanitar yordam ko‘rsatilib, ko‘hna qit’ani qayta qurishga ulkan hissa qo‘shilgan. Keyinroq falokat yoki tabiiy ofat tufayli aziyat chekkan aholiga gumanitar yordam yetkazishda muayyan davlat ojizlik qilsa, bunday ishlar BMTga topshirilishi an’anaga aylandi.
BMT tarkibida 6 bosh organ mavjud: beshtasi – Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi markaziy qarorgohda, Xalqaro sud esa Gaaga shahrida faoliyat yuritadi.
BMT hukumat emas, ya’ni qonun qabul qilmaydi. Binobarin, xalqaro mojaroni bartaraf etish va yer yuzi aholisiga daxldor masalani hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam beradigan mablag‘ga ega. BMTga a’zo katta-kichik, boy-kambag‘al, turli siyosiy qarash yoki tuzumga ega davlatlarning barchasi ovoz berish, ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozir 193 davlatni birlashtirgan. O‘z a’zolarining suveren tengligiga asoslangan BMT davlatlar ichki ishiga aralashmaydi. Nizomda qayd etilgan har qanday majburiyatni zimmasiga oladigan davlat jamoaga a’zo bo‘la oladi. Yangi a’zolar Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga muvofiq, Bosh Assambleya qarori bilan qabul qilinadi. BMT a’zolari xalqaro nizoni tinch yo‘l bilan hal etishlari lozim.
Vatanimiz 1992 yil 2 martda BMTga a’zo bo‘lib, o‘sha kundan e’tiboran bosh qarorgohda davlatimiz bayrog‘i hilpiray boshlagan. 1993 yil 24 oktyabr kuni Toshkentda vakolatxona ochildi. Mamlakatimizning tuzilma huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi bo‘limlarda, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarmiz Vena (Avstriya) shahridagi bo‘limda faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan asosiy xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka jiddiy ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad, tamoyillarga sodiq bo‘lib, zimmasiga olgan majburiyatni og‘ishmay bajarib kelmoqda.
Ayni payt respublikamizda BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi, Gender tenglik hamda ayollar huquqi va imkoniyatini kengaytirish tuzilmasi, Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kabi ixtisoslashgan muassasalari – o‘ndan ortiq dastur, jamg‘arma va agentlik faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida nufuzli xalqaro tashkilotning maqsadi va qoidasiga qat’iy amal qilgan holda, o‘z ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida Tashkilot faoliyatiga daxldor muhim, dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda.
BMT bilan hamkorligimiz so‘nggi yillarda mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleyada, Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyalarida faol ishtirok etayotgani, jumladan, o‘zbek tilida nutq so‘zlagani fikrimizni tasdiqlaydi.
Nisbatan qisqa muddat mamlakatimizda inson huquqi va erkinligini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, majburiy mehnatni bartaraf etish kabi umuminsoniy qadriyatlarga xizmat qiluvchi masalalarda ulkan natijalarga erishish davri sifatida tarixda qoladi. Eng muhimi, samarali islohotlarimiz BMT tamoyiliga uyg‘un va yondosh xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikda olib borilyapti.
Birgina misol: kuni kecha poytaxtimizda “Yoshlar huquqi: imkoniyat va himoya qilish mexanizmi” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni sifatida e’lon qilingan tarixiy sana arafasida o‘tkazilgani ham o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etadi. Ya’ni, Toshkent xalqaro forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasi 30 yilligiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi”da ayni mavzuda xalqaro forum o‘tkazish ko‘zda tutilganini alohida ta’kidlash lozim. Bu davlatimiz rahbarining so‘nggi yillarda BMT minbaridan yoshlar masalasi bo‘yicha ilgari surilgan 20 dan ortiq milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslaridan biridir.
Bugungi murakkab davrda – qurolli nizolar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada kengayib, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid tobora kuchayib borayotgan sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli hamda mas’uliyati yanada ortmoqda. Binobarin, davlatimiz yetakchisi qayd etganidek, “1945 yil tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va BMT hamkorligi izchil davom etadi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasida mamlakatimiz dunyoning barcha davlatlari bilan manfaatli hamkorlikka, BMT va tashkilotning barcha institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor tasdiqlangan.
Respublikamiz BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi tashabbus, qo‘shma loyihalar ilgari surish maqsadida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatdagi vazifalar to‘liq ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimizning BMT bilan munosabatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
G‘ulom MIRZO, O‘zA