Birdamlik va vatanparvarlik timsoli
Vatanni seviş, uning tinçligi va ravnaqiga daxldorlik hissi, milliy qadriyatlar va davlat ramzlariga hurmat tuyğusi har bir insonning qalbida mujassam bölişi muhim. Zero, xalqni bir maqsad, bir ezgu ğoya atrofida birlaştiradigan maʼnaviy kuçlardan biri ham milliy ramzlarimizga bölgan yuksak ehtiromdir.
Davlatimiz rahbari taşabbusi bilan ilgari surilayotgan vatanparvarlik, milliy ğurur va umummilliy birdamlik ğoyalarini keng tarğib etişga qaratilgan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” şiori ostidagi bayroq estafetasi ayni şu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Mazkur taşabbus doirasida Buxoro viloyati faollari, maʼnaviyat tarğibotçilari, sportçilar, harbiy xizmatçilar hamda yoşlar Xorazm viloyati vakillaridan muqaddas Davlat bayroğimizni ramziy estafeta sifatida qabul qilib oldi. Şundan söng Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning milliy ğururi, or-nomusi va birdamligi timsoli bölgan bayroğimiz viloyat şahar va tumanlari böylab tantanali ravişda olib ötildi.


Eʼtiborlisi, bu jarayon oddiy ramziy tadbir doirasidan ança keng maʼno kasb etmoqda. Unda turli avlod vakillari, ayniqsa, yoşlarning faol iştirok etişi davlat ramzlariga hurmatni kuçaytiriş, milliy özlikni anglaş va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyğusini mustahkamlaşda muhim ahamiyatga ega. Zero, bayroqqa ehtirom — bu, avvalo, uning timsolida mujassam bölgan mustaqillik, tinçlik va xalq birligiga sadoqat ifodasidir.
Estafetaning Buxorodagi bosqiçida viloyat hokimining yoşlar siyosati, ijtimoiy rivojlantiriş va maʼnaviy-maʼrifiy işlar böyiça örinbosari Baxtiyor Odilov bayroqdor sifatida iştirok etdi. U Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Buxoro viloyati bölimi masʼullari bilan birgalikda ramziy bayroqni tantanali ravişda Navoiy viloyati vakillariga topşirdi.
Şu tariqa, bir hududdan ikkinçi hududga uzatilayotgan bayroq bilan birga ezgu ğoyalar, vatanparvarlik ruhi va umumiy maqsad sari intiliş tuyğusi ham davom etmoqda. Bu esa hududlar örtasidagi döstlik va hamjihatlikni mustahkamlaş, yoş avlod qalbida milliy iftixor va fuqarolik masʼuliyatini yuksaltirişga xizmat qiladi.


Zero, Davlat bayroği şunçaki mato yoki rasmiy ramz emas. Unda xalqimizning asriy orzu-intilişlari, ozodlik va mustaqillik ğoyasi, bugungi osoyişta hayotimiz hamda yoruğ kelajakka bölgan işonç mujassam. Uni eʼzozlaş esa Vatanni, uning tarixini, buguni va kelajagini qadrlaş demakdir.
“Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” şiori ostidagi estafeta ham ana şu haqiqatni yana bir bor namoyon etib, barçamizni yagona Vatan ravnaqi yölida birlaşişga çorlamoqda.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri