Bir kunda 40 tonnagacha paxta terayotgan kombaynchi
Mingbuloqlik kombaynchi Otabek Toshboyev bir kunda 40 tonnagacha paxta terib, ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Uning bu mahorati ortida qanday tajriba va qanday daromad yashirin?
Bir kunda 40 tonnagacha paxta terayotgan kombaynchi
Mingbuloqlik Otabek Toshboyev uchun texnika boshqarish shunchaki kasb emas, balki yillar davomida orttirilgan tajriba va mehnat bilan bog‘liq hayot tarzidir.
Uning asosiy faoliyati traktor va kombaynlarni boshqarish bilan bog‘liq. Ayniqsa, kuz fasli kirib, paxta terimi mavsumi boshlangach, Otabek aka terim kombaynini boshqarib, dalalarda qizg‘in mehnat qiladi.
Uning aytishicha, bir kunda o‘rtacha 35–40 tonna paxta terish mumkin. Eng yuqori natijasi esa 45 tonnani tashkil etgan.
— Ob-havo yaxshi bo‘lsa, terim ham unumli bo‘ladi. Texnika soz, sharoit yaxshi bo‘lsa, kunlik hosil ham yuqori bo‘ladi, — deydi Otabek Toshboyev.
Mavsum sermahsul kelgan paytlarda uning oylik daromadi 18–20 million so‘mgacha yetadi. Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan zamonaviy terim kombaynlarini esa, uning aytishicha, birinchi marta boshqarganidayoq o‘zlashtirib olgan.
Hozir Otabek Toshboyev uchun eng mas’uliyatli pallalardan biri — paxta terimi mavsumi. U har kuni dalaga chiqib, hosilni imkon qadar sifatli va tez yig‘ib olishga harakat qilmoqda.
Ammo uning mehnati faqat paxta mavsumi bilan cheklanmaydi. Paxta terimi yakunlangach, u traktor haydab, qishloq xo‘jaligi ishlarida davom etadi. Bu mavsum ham tugagach esa yuk mashinasida yuk tashib, mehnat faoliyatini davom ettiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Otabek Toshboyev — mavsumga qarab kasbini emas, texnikasini almashtirib, yil davomida mehnat qiladigan fidoyi insonlardan biri. Uning kundalik hayoti qishloq xo‘jaligi va zamonaviy texnika bilan chambarchas bog‘liq.
Tohir Tursunov, O‘zA