Bir inson taqdirida islohotlar samarasi
Insonga e’tibor, uning qadri va salomatligini asrash Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yakka-yolg‘iz keksalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali hayot sifati yaxshilanmoqda. Buxoro viloyati Kogon tumanidagi bir oila taqdiri ana shu ezgu sa’y-harakatlar amalda qanday natija berayotganining yorqin namunasidir.
Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Kogon mahallasida 3 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallada 70 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 4 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan fuqaro hamda 2 nafar yakka-yolg‘iz keksa yashaydi. Ularning har biri mahalla ijtimoiy xodimi Nodirbek Hamidov tomonidan individual ehtiyojlari asosida o‘rganilib, manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinmoqda.
Ana shunday insonlardan biri — To‘raqul bobo Botirov. Bir necha yil avval insult kasalligini boshdan kechirgan keksa uzoq vaqt davomida yotoqdan turolmay qolgan. Bu og‘ir sinov nafaqat uning, balki umr yo‘ldoshi Sharofat opa Narziyevaning ham hayotini butunlay o‘zgartirdi. Fidoyi turmush o‘rtog‘i yillar davomida To‘raqul boboning parvarishi bilan mehr va sabr bilan shug‘ullanib keldi.
Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan oilaning ijtimoiy holati atroflicha o‘rganilib, To‘raqul bobo yakka yashovchi keksa sifatida ro‘yxatga olindi hamda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmatlar va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan ta’minlandi.
Dastur doirasida To‘raqul bobo muntazam chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, sog‘lig‘ini tiklash maqsadida bir necha bor sanatoriy-sog‘lomlashtirish maskanlarida davolanishi tashkil etildi. Mutaxassislar nazoratida olib borilgan reabilitatsiya muolajalari uning sog‘lig‘ini tiklashda muhim omil bo‘ldi.

Oilani moddiy qo‘llab-quvvatlash ham e’tibordan chetda qolmadi. Kuz-qish mavsumi hamda muborak Ramazon oyi munosabati bilan bir martalik moddiy yordam ajratilib, bu oilaning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilashga munosib hissa qo‘shildi.
Eng quvonarlisi shundaki, ko‘rsatilgan tibbiy va ijtimoiy xizmatlar kutilganidan ham yuqori samara berdi. Ilgari mutlaqo yotoqqa mixlanib qolgan To‘raqul bobo bugungi kunda shifokorlar tavsiyalariga qat’iy amal qilgan holda mustaqil ravishda yurishni boshladi. Uning har bir tashlagan qadami nafaqat o‘zining, balki yaqinlari va unga yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarning mehnati samarasiga aylandi.

Bu voqea bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: insonga mehr, e’tibor va manzilli yordam ko‘rsatilsa, hatto eng og‘ir sinovlar ham yengib o‘tiladi. Bir insonning sog‘lig‘i tiklanishi — butun bir oilaning yuziga tabassum, qalbiga esa umid qaytishidir.
Kogon mahallasida amalga oshirilayotgan bu ezgu ishlar ijtimoiy himoya tizimi shunchaki yordam berish bilan cheklanmasdan, insonni yana faol hayotga qaytarishga xizmat qilayotganini yaqqol namoyon etmoqda. To‘raqul boboning hayot yo‘li esa mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik va davlat e’tibori birlashganda mo‘’jizaga teng natijalarga erishish mumkinligining ta’sirchan va ibratli namunasidir.
Zarif Komilov, O‘zA