Bir inson hayotidagi o‘zgarish – bir oila taqdiridagi burilish
Mahalladagi ijtimoiy xodimning ishi faqat murojaatni qabul qilish yoki ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish bilan cheklanmaydi. Bu kasb egasidan odamlar dardiga quloq tutish, xonadonma-xonadon yurib, oilalarning sharoitini o‘rganish, muammoning asl sababini aniqlash va uni hal etish uchun zarur tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni talab etadi. Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Do‘stlik mahallasida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Feruza Ro‘zimurodova ham har kuni ana shunday mas’uliyat bilan odamlar orasida yuradi.
Uning ish kuni turli taqdirlar bilan bog‘liq. Kimdir ish izlaydi, yana kimdir davolanish yoki ijtimoiy xizmatga muhtoj. Ayrim oilalarga esa muammosini hal etish uchun to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq va zarur ko‘makning o‘zi kifoya.
Bunday vaziyatlarda ijtimoiy xodim avvalo insonni tinglaydi. Keyin uning holatini o‘rganib, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, muammoni hal etish choralarini belgilaydi. Zarur hollarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Zero, ijtimoiy xodim mehnatining haqiqiy natijasi qog‘ozdagi murojaatlar soni bilan emas, balki inson hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarish bilan o‘lchanadi.
Bu o‘zgarishni Nazira Baxbetovaning hayoti misolida ham ko‘rish mumkin.
Bir necha yil avval baxtsiz hodisa tufayli og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan Naziraning bugungi hayoti ancha o‘zgargan. Unga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘mak va e’tibor og‘ir vaziyatdan chiqib, hayotini qayta yo‘lga qo‘yishi uchun muhim omil bo‘ldi.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ana shunday taqdirlarda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Eng muhimi, inson o‘zini jamiyat e’tiboridan chetda qolmaganini his etadi, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanadi.
Nazira Baxbetova ham bugun o‘z hayotidagi o‘zgarishlardan mamnun. Ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uni yangi maqsadlar sari qadam tashlashga undamoqda.

Aslida, ijtimoiy himoyaning mohiyati ham shunda – insonni muammosi bilan yolg‘iz qoldirmaslik. Bir oilaning og‘irini yengil qilish ortida bir xonadondagi xotirjamlik, bir insonga imkoniyat yaratish ortida esa butun bir oilaning kelajagi turibdi.
Mahalladagi ijtimoiy xodimlar esa ana shu jarayonning insonga eng yaqin bo‘g‘ini sifatida odamlar dardini eshitib, ularni zarur ko‘mak va imkoniyatlar bilan bog‘lab kelmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri