Bir bayroq ostida birlaşgan yurt
Baʼzan bir surat butun bir xalqning quvonçi, orzu va intilişlarini ifoda etadi. Unda sarbaland hilpirayotgan bayroq, unga havas bilan boqayotgan bola yoki ğalaba şohsupasida közlariga yoş olgan sportçi aks etgan bölişi mumkin. Bu manzaralarni birlaştiruvçi tuyğu esa bitta – Vatanga muhabbat.
FOTOGALEREYA
Özbekiston bayroği har birimiz uçun qadrli. Uni olis yurtda körsak, könglimizga yaqinlik hissi kiradi. Xalqaro maydonda baland kötarilsa, ğururlanamiz. Farzandlarimiz qölida körsak, ularning kelajagiga bölgan işonçimiz yanada ortadi.
18-noyabr – Özbekiston Respublikasi Davlat bayroği qabul qilingan kun. Bu sana arafasida yurtimiz böylab ötkazilayotgan maʼrifiy tadbirlar, uçraşuv va bayroq estafetalari odamlarni ezgu maqsad atrofida jamlamoqda. Qöllardagi bayroqçalar, yuzlardagi tabassum va nigohlardagi iftixor bayramga özgaça şukuh bağişlamoqda.
Bayroqni tutib turgan qöllar turliça. Biri – ilmga intilgan öquvçiniki, boşqasi – umrini el xizmatiga bağişlagan nuroniyniki. Ular orasida talaba, işçi, ustoz, tadbirkor bor. Har birining hayot yöli, kasbi va orzusi özgaça. Ammo barçasini şu zaminga mehr, yurt tinçligi va ravnaqiga daxldorlik birlaştiradi.
Davlat ramziga hurmat kundalik işlarimizda ham öz ifodasini topadi. Vaʼdaga vafo qiliş, halol mehnat qiliş, bilim oliş, atrofdagilarga eʼtiborli böliş – yurtga sadoqatning oddiy va muhim körinişlari. Bayroq ostida turib his etilgan ğurur ana şunday amallarda davom etadi.
Suratning öziga xos qudrati bor. U şamolda yoyilgan matoning harakatini, bir lahzalik hayajonni, nigohdagi faxrni saqlab qoladi. Yillar ötib ham öşa kadrga boqqan kişi şu kunning kayfiyatini his etadi. Şu bois bayroğimiz aks etgan har bir suratga diqqat bilan qaraymiz, undan özimizga taniş tuyğularni izlaymiz.
[gallery-32580]
Mazkur fotogalereya ham ana şunday lahzalarni jamlaydi. Ularni tomoşa qilar ekanmiz, bayroqning odamlarni birlaştiruvçi kuçini, tinç hayotning qadrini va şu yurt farzandi böliş masʼuliyatini yana bir bor his etamiz.
Şavkat Tohirov, ÖzA