8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Bugungi kunda mamlakatimiz boshqaruv sohasida xotin-qizlarning ulushi o‘ttiz besh foizga yetdi. Yetti-sakkiz yil oldin bu boradagi raqam yigirma foiz atrofida edi.
Bugun bilimli, iste’dodli xotin-qizlar davlat va jamiyatning barcha sohalarida samarali faoliyat olib bormoqda. Ular jadal taraqqiyoti bilan hamohang tarzda o‘zgarishlarga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident nutq so‘zlab, muhtarama onalar, aziz opa-singillarni samimiy qutladi.
Tadbirning ba’zi ishtirokchilari bilan suhbatlashdik, ularning quvonchiga sherik bo‘ldik.

Nodira G‘OYIBNAZAROVA, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri:
– Bugun o‘zim, oilam va mehnat jamoamizdagi opa-singillarim uchun tarixiy kun bo‘ldi. Kamtarona mehnatimiz yuksak baholanib, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Bu mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining qo‘llaridan olganim menga juda katta faxr bag‘ishladi, keyingi faoliyatimga o‘zgacha rag‘bat berdi. Mamlakatimizdagi islohotlar jarayonida o‘z mehnatim, izlanishlarim bilan yanada faol bo‘lishga harakat qilaman. Prezidentimizning har-bir tashabbuslarini diqqat bilan kuzataman. Sohalar doirasidagi topshiriq va ma’ruzalarining mohiyatini tushunishga harakat qilaman.
Prezident yaqinda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Unda yurtimizda korrupsiyadan holi muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari o‘sha yig‘ilishdagi nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi. Unga qarshi kurashish barchaning burchi bo‘lishi lozimligiga yana bir karra e’tibor qaratdilar. Kuch – birlikda. Men yetti million nafardan ortiq a’zolarni birlashtirgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi vakili sifatida bu tashabbus yo‘lida ham barchani birlashishga chorlayman. Bugun ko‘ksimga taqilgan ordenni menga bildirilgan yuksak ishonch ramzi deb bilaman.
Zamira AITBAEVA, Nukus shahridagi «Nauqan bag‘» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:
– Bugun Prezident ko‘ksimga «Shuhrat» medalini taqar ekan, bayram bilan yana bir bor tabrikladi. O‘sha damda to‘lqinlanib ketdim, davlatimiz rahbariga Qoraqalpog‘istonda aholi farovonligi uchun yaratilayotgan sharoitlar uchun rahmat aytdim. Bir mahallaning faoli, vakili sifatida bu yangilanishlarga o‘z hissamni qo‘shishdan minnatdorligimni bildirdim. Prezidentimiz hududlarga tashrif buyurganlarida mahallalar hayoti bilan tanishadi, quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ladi. Prezidentimiz bizning mahallaga ham borganlar. Bunday yondashuv bugun joylarda o‘z natijasini bermoqda. Keyingi yillarda mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi ahamiyati oshdi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat “mahalla yettiligi” tashkil etildi. Bugun mana shu bo‘g‘inning bir vakili ekanimdan faxrlanaman.
Klara ELBOEVA, Nishon tumanidagi «Nishon qorako‘lchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni:
– Cho‘ponlik bizga avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasb sanaladi. Bu sohada yigirma yildan ko‘proq vaqt mobaynida ishlab kelaman. Ishimni yaxshi ko‘raman, sharafli va mashaqqatli faoliyat deb bilaman. Mana chorvaning ortidan kam bo‘lmadik. Mehnatlarimiz yuqori baholanib, “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘ldim. Prezidentning o‘zi ishimga omad tiladi. Qadimdan chorva baraka ramzi sanaladi. Mol-holi bor ro‘zg‘orda to‘kinlik bo‘ladi.
Kasbimiz bir qarashda oddiyroq tuyuladi, lekin men tanlagan yo‘l mamlakat darajasida olganda juda muhimligini yaxshi bilaman. Prezidentimiz chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish, bu borada yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qanchadan-qancha tashabbuslarni ilgari suryapti. Bular natija beryapti. Samarani esa xalqimizning dasturxoni to‘kinligida ko‘rish mumkin. Men o‘zimni mana shu jarayonlarga daxldor inson sifatida his qilaman.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri