Bilimli va faol yoshlar e’tirof etildi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy va iqtisodiy savodxonligini oshirish, mustaqil fikrlaydigan va yurt taqdiriga daxldorlik hissi yuqori bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Shu maqsadda Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Soliq bilimlari – yosh avlodga” ko‘rik-tanlovi yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etishda muhim maydon bo‘ldi. Tanlovning quyi bosqichlarida Buxoro viloyatining 500 dan ortiq umumta’lim maktablaridan ikki ming nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etib, o‘z bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazdi.

Shu munosabat bilan Buxoro viloyati soliq boshqarmasida boshqarma rahbariyati hamda shaxsiy tarkib ishtirokida iqtidorli yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan muloqotda o‘quvchilarning soliq sohasidagi bilimlari, faolligi va intilishlari yuqori baholandi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Tadbir davomida yoshlarga kelajakda o‘z ustida muntazam ishlash, bilim olishdan to‘xtamaslik, Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shish kabi ezgu tilaklar bildirildi.

Tadbir yakunida ko‘rik-tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘quvchilarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tirof yoshlar uchun katta rag‘bat va kelgusi yutuqlar sari mustahkam qadam bo‘ldi.
Bugun bilimli, tashabbuskor va fidoyi yoshlar yurtimizning ertangi tayanchi hisoblanadi. “Soliq bilimlari – yosh avlodga” tanlovi esa ana shunday yoshlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kelajakka ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA