Bilim, taraqqiyot va kelajak uchun teng imkoniyatlar
Xorazmda o‘tkazilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlarining asosiy mavzusi ana shunday nomlandi.
Urganch shahrida xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ta’lim marafoni tashkil etildi.
Yoshlar va davlat xizmatchilar bilan ochiq muloqotda tuman va shaharlardan ishtirokchilar onlayn ravishda qatnashdi.
[gallery-28371]
– Tashabbusning asosiy maqsadi mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olish, imkoniyatdan kelib chiqqan holda ko‘proq iqtidorli yigit-qizlar, ayniqsa, chekka hududlar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillarini dunyoning yetakchi universitetlarida ta’lim olish imkoniyatlari haqida xabardor qilishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova. – Zero, davlatimiz rahbari tomonidan sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “harakatlantiruvchi kuchi” ekani alohida ta’kidlangan. Mazkur yondashuv bugungi kunda davlatning ta’lim sohasidagi siyosatining falsafiy asosiga aylanib bormoqda.
Uchrashuvlar davomida jamg‘arma faoliyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, uchrashuv davomida ochiq stipendiya tanlovlari o‘tkazish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Stipendiatlar xorijda o‘qishni tugatganidan so‘ng ularni O‘zbekistonda munosib ishga joylashtirish, kasbiy va mansab pog‘onalarida ko‘tarish, Milliy kadrlar zaxirasi kiritish kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2018-2025-yillar davomida 88 nafar yoshlarimiz xalqaro tajribani egallash uchun bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘nlab xorijiy davlatlarga yuborilgan. Ularning ayrimlari hozirda bilim olishni davom ettirayotgan bo‘lsa, ko‘pchiligi O‘zbekistonga qaytib, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tibbiyot va ilm-fan kabi dolzarb yo‘nalishlarda mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari