“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari: bilim va imkoniyatlar sari yangi qadam
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti va Navoiy shahridagi Prezident maktabida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari” tadbirlari tashkil etildi.
Unda o‘quvchilar, talabalar, iqtidorli yoshlar va yosh davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda viloyatning tuman va shaharlaridagi yoshlarning tadbirlarda onlayn qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, yurtimizda иқтидорли yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yilning 5-may kuni davlatimiz rahbarining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.
Farmonga ko‘ra, mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.
Tadbirda jamg‘armaning faoliyati, yoshlarga dunyoning TOP yetakchi universitetlari bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun taqdim etilayotgan stipendiyalar, ochiq tanlovlarda ishtirok etish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda ta’lim olish yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
– 2025-yil 1-sentabrdan boshlab iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va boshqa yo‘nalishlarda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan maqsadli stajirovka dasturi amalga oshirilmoqda, – deydi jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari Shuhrat Mo‘minov. – Maqsadli stajirovkani o‘tagan mutaxassislar va o‘qishni yakunlagan stipendiatlarning qaytganidan so‘ng, xorijda olgan ilg‘or nazariy bilim va tajribalarini amaliyotga joriy etishi hamda xizmat bo‘yicha o‘sishiga zarur sharoitlar yaratib borishga tegishli vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari va boshqa ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari mas’ul hisoblanadi. Ayni paytda 1400 nafardan ziyod bitiruvchilarimiz yurtimizda turli sohalarda faoliyat olib bormoqda.
Ochiq muloqotlar davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga jamg‘arma mas’ullari va stipendiatlardan bevosita javob oldi. Xorijda tahsil olib, o‘z bilim va tajribasi bilan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan yoshlarning hayotiy misollari ishtirokchilar uchun katta motivatsiya manbai bo‘ldi.
– 2024-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lganman, – deydi Shamshodjon Sharipov. – Ushbu dastur orqali magistratura yo‘nalishida Italiyaning nufuzli universitetida ikki yil davomida ta’lim olib, 2026-yilda ta’lim dasturini tamomladim va hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida o‘z faoliyatimni olib bormoqdaman. Ushbu ta’lim dasturi davomida zamonaviy, ya’ni aynan ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan yangi usullarni, yangi metodlarni o‘rganib keldim. Hozirda o‘z faoliyatimda o‘rgangan yangi usullarni qo‘llab, talabalarga saboq bermoqdaman. Eski, faqat yozdirib o‘qitish yoki doskada misollarni yechib dars berish usuli samara bermaydi. Bugungi yoshlar bilan ishlashda interaktiv usulda ish olib borish juda ham samaralidir. Ko‘proq interaktiv, o‘zaro aloqada ishlash, yangi zamonaviy dunyoda qo‘llanilayotgan sun’iy intellekt va matematik vositalar bilan ishlashni ko‘rsatish ularni ko‘proq qiziqtiryapti. Yoshlarga beradigan bir nechta tavsiyalarim bor. Birinchi navbatda maqsadni aniqlab olish kerak. Chet elga o‘qishga borishim kerakmi yoki nima uchun o‘qishim kerak? Bu menga nima beradi? Qaysi davlatda men ko‘proq natija ola olaman? Shu maqsadlarni aniqlagandan keyin, shu maqsadlarga to‘g‘ri keladigan universitet va davlatni, ta’lim dasturini, eng zo‘r ta’lim bera oladigan professorlarni tanlab, o‘shalar bilan birga ishlab, ularda o‘qishi mumkin.
[gallery-31857]
Albatta, bugungi kunda sifatli ta’lim va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lish yoshlarning shaxsiy muvaffaqiyati bilan bir qatorda, mamlakatni rivojlantirishning muhim omiliga aylanmoqda. Shu ma’noda, “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularga keng imkoniyatlar yaratish va iqtidorli avlodni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biridir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari