Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Besh tashabbus olimpiadasi“: Yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

Yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining joylarda uyushqoqlik bilan o‘tishida, qamrovning yildan yilga kengayib borishida hududlarda ushbu yo‘nalishda mehnat qilayotgan mutaxassislarning alohida o‘rni bor.

Xo‘sh, 2025 yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlari qay tartibda tashkil etiladi?

Joriy yilning 26-28 yanvar kunlari Bo‘stonliq tumanidagi "Yoshlar oromgohi"da “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025 yilgi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv-seminarda ushbu masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari mundarijasi bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Ta’kidlanganidek, ommaviy sport rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” mahalla tizimidan tashqari o‘rta ta’lim va oliy ta’lim tizimlarida ham o‘tkazila boshlangani ijobiy ko‘rsatkichdir. Biroq quyi bosqich musobaqalarida o‘tgan yillari yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni takrorlamaslik muhimligi bildirildi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi 133 ta sport maktabining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, 7 nafar hududiy shu’ba mutaxassislari, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligining 107 ta tuman-shahar mutaxassislari hamda 7 nafar hududiy mutaxassis ishtirok etgan seminarda faollik ko‘rsatgan, uning har bir bo‘limidagi davra suhbatlarida aniq takliflarni ilgari surganlarga Sport vazirligi va Yoshlar ishlari agentligining sertifikatlari topshirildi.

Qiziqarli va do‘stona muzokaralarga boy kechgan seminar yakunida bildirilgan takliflar, ilgari surilgan tashabbuslar asosida 2025 yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA