Yoshlarimizning sevimli loyihasi – “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumi boshlandi. Endilikda ishtirokchi yoshlarni yana katta sinovlar, hayajonli tanlov va musobaqalar hamda rag‘batlar kutmoqda.
Xo‘sh, bu yilgi loyihaga qanday o‘zgarish va yangiliklar kiritildi? Loyiha doirasidagi musobaqa va tadbirlarga yoshlarimiz qanday ishtirok etishi mumkin?
Shu kabi savollarga Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i Sherzod Olimov batafsil ma’lumot berdi.
–Bugungi kunda “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tgan 2023 yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tanlov va sport musobaqalari mahalla yoshlari o‘rtasida an’anaviy tarzda, maktab o‘quvchilari, professional va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari o‘rtasida birinchi marta tashkil etildi.
O‘tgan yil ikki mavsum doirasida “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalariga jami 11,7 million nafar yosh qamrab olindi.
O‘tgan davr mobaynida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarni tashkil etish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan kelib chiqib, mazkur yilda muammoli vaziyatlarning oldini olishga doir ishlar amalga oshirilishi belgilandi.
Joriy yildan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarni o‘tkazishga har bir loyiha uchun bir haftadan, o‘n kungacha bo‘lgan muddat berilmoqda. Sababi, o‘tgan yillarda loyihalarni o‘tkazish oralig‘i har kuni yoki kunoraga to‘g‘ri kelgan. Ushbu holat yoshlar yetakchilari tomonidan ko‘chalararo mahalla bosqichini amalda tashkil qilishga ulgurmaslik holatini keltirib chiqargan edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FhLpj_vk8po" title="“Besh tashabbus olimpiadasi”: Yangi mavsumda yangiliklar koʻp" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Yoshlar yetakchilariga loyihalarni o‘tkazish sanasini mahalla yoshlarining qulay vaqtiga, jumladan, ularning o‘qish yoki ishdan keyingi bo‘sh vaqtida ham o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Avvalgi mavsumlarda loyihalar o‘tkazilish vaqti asosan tushgacha yoki tushdan keyingi vaqtlarga belgilangan. O‘qish va ishdagi yoshlar esa loyihalarda ishtirok etolmaslik holatlari kuzatilgan. Aynan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ham aksariyat yoshlar kechki vaqtda loyiha o‘tishini xohlab ovoz bergan.
Yoshlarimizga “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda ishtirok etishlari uchun loyihalar o‘tkaziladigan kun ham 5tashabbus.uz sayti orqali elektron ro‘yxatdan o‘tib, tanlov va sport musobaqalarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi. O‘tgan mavsumlarda loyihalar boshlanishidan avval 5tashabbus.uz sayti orqali elektron ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilinar edi va birinchi mahalla bosqichi boshlanishidan oldin platformadan ro‘yxatdan o‘tish yopilar edi. Bu esa loyihalar o‘tayotgan kun biror sabab bilan elektron ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmagan yoshlar ishtirokini cheklab qo‘yardi va yoshlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarini o‘tkazish uchun respublikamizning barcha mahallalariga 2 tadan futbol, voleybol va basketbol koptoklari va 4 tadan gimnastrada halqalari yetkazib berildi. Ilgari mahallalarda loyihalarni o‘tkazish uchun sport jihozlari yetishmasligi, bu esa o‘z navbatida loyihalarning mahalla bosqichi amalda tashkil etilmasligiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan.
Joriy yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” mahalla yoshlari o‘rtasida mart-dekabr oylarida 26 ta loyiha bo‘yicha o‘tkaziladi. 8 ta loyiha bo‘yicha sentyabr-noyabr oylarida maktab o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladi. Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida 5 ta loyiha bo‘yicha sentyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tsa, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida 5 ta loyiha sentyabr-noyabr oylarida o‘tkaziladi. Ilk marotaba vazirlik, idora va tashkilot xodimlari o‘rtasida 6 ta loyiha bo‘yicha noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va sport musobaqalariga elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 10 fevral sanasidan boshlandi. Loyihalarning mahalla bosqichiga 1 mart sanasidan start beriladi.
Gulnoza Boboyeva, Abror Sobirov (video), O‘zA