Besh tashabbus – besh imkoniyat, uni koʻkka sovurma faqat
Mirzo Ulugʻbek tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 5 ta tashabbus loyihasida belgilangan vazifalar ijrosini chet tillar fanlari oyligi doirasida taʼminlash maqsadida “Motivation – inspiration” festivali oʻtkazildi.
Mirzo Ulugʻbek tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 5 ta tashabbus loyihasida belgilangan vazifalar ijrosini chet tillar fanlari oyligi doirasida taʼminlash maqsadida “Motivation – inspiration” festivali oʻtkazildi.
121-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha besh tashabbus doirasidagi mazkur festivalda Xalq taʼlimi vazirligi hamda hamkor tashkilotlar vakillari, oʻqituvchilar, oʻquvchi-yoshlar, ota-onalar, mahalla faollari, xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish, ular oʻrtasida axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, chet tillarini puxta oʻzlashtirish, pirovardida har tomonlama yetuk avlodni voyaga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Dastlab mehmonlar sinflarda oʻtkazilayotgan ochiq darslarga taklif etildi. Noanʼanaviy dars ishlanmalari, interaktiv oʻyinlarga asoslangan mashgʻulotlar, oʻqituvchilarning fidoyiligi va oʻquvchilardagi ilm olishga boʻlgan ishtiyoq, ayniqsa amerikalik pedagoglarda katta taassurot qoldirdi. Oʻquvchilar ingliz tilida “5 ta tashabbus“ loyihasi mazmun-mohiyatini soʻzlab berdi.

Shuningdek, festivalda yoshlar tomonidan sahnalashtirilgan teatr tomoshalari, ularning ijodiga oid hunarmandchilik, rassomchilik sanʼati namunalari namoyish qilindi, kuy-qoʻshiq va raqslar ijro etildi. Robototexnika koʻrgazmasi barchada birdek qiziqish uygʻotdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha beshta muhim tashabbus yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim dasturilamal boʻlmoqda, – deydi Mirzo Ulugʻbek tuman xalq taʼlimi boʻlimi xorijiy tillar metodisti Ozodjon Karimova. – Tuman maktablarida mazkur loyiha targʻibotiga bagʻishlab turli xil maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, koʻp yillik tajriba va malakaga ega turli yutuqlarga erishgan oʻqituvchi hamda faol yosh-pedagoglarning dars ishlanmalari ommalashtirilmoqda.
Darhaqiqat, taʼlim va tarbiya samaradorligini oshirishda mashgʻulotlarni ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida oʻtkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Interaktiv usulda jonli muloqot tarzida, multimedia vositalaridan foydalangan holda olib boriladigan darslar oʻquvchilarning fanga nisbatan qiziqishlarini yanada oshiradi. Besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan shu kabi saʼy-harakatlar yoshlar taʼlim-tarbiyasi borasidagi ishlar samaradorligiga xizmat qilayotir.






