Belgrad — Dunay va Sava daryolari bo‘yidagi qadimiy poytaxt
FOTOREPORTAJ
Serbiya poytaxti Belgrad — Yevropaning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, uning tarixi ikki ming yildan ortiq vaqtni o‘z ichiga oladi. Shahar Dunay va Sava daryolarining qo‘shilish nuqtasida joylashgan bo‘lib, bu qulay geografik o‘rin uni asrlar davomida turli madaniyatlar va imperiyalar chorrahasiga aylantirgan.
Shaharning ramziy belgisi hisoblangan Kalemegdan qal’asi Dunay va Sava daryolari birlashadigan balandlikda joylashgan. Ushbu qadimiy istehkom hozirda keng parkka aylantirilgan bo‘lib, u yerda shahar va daryo manzaralari bilan birga turli davrlarga oid tarixiy yodgorliklarni ko‘rish mumkin.
[gallery-31281]
Belgradning markaziy ko‘chasi — Knyaz Mixayl piyodalar yo‘lagi XIX asr me’morchiligini o‘zida saqlagan binolari, kafe va do‘konlari bilan shaharning madaniy-ijtimoiy hayoti markazlaridan biriga aylangan. Respublika maydoni, Avliyo Sava ibodatxonasi — Bolqon yarim orolidagi yirik pravoslav cherkovlaridan biri — hamda Skadarliya mahallasining yoshlar va ijodkorlar to‘planadigan tor ko‘chalari shaharning o‘ziga xos qiyofasini namoyon etadi.
Zamonaviy Belgrad tarixiy me’morchilik bilan yangi binolarni uyg‘unlashtirgan holda rivojlanmoqda. Sava daryosi sohilidagi yangi binolar, ko‘priklar va zamonaviy turar-joy majmualari shaharning tezkor o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi.
Har yili minglab sayyohlarni o‘ziga jalb etayotgan Belgrad — boy tarixi, daryo bo‘yidagi go‘zal manzaralari va serharakat shahar hayoti bilan ajralib turadi.
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA