Xitoy Arktika orqali Yevropaga muntazam konteyner yo‘nalishini ishga tushirdi
XXRning “Sea Legend” yuk tashish kompaniyasi Shimoliy dengiz yo‘nalishi orqali Xitoy va Yevropa o‘rtasida muntazam konteyner xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu yo‘nalish Ninbo-Chjoushan portini Buyuk Britaniyaning Felikstou shahri bilan bog‘laydi va yuklarni taxminan 20 kun ichida yetkazib berish imkonini beradi.
Bu galgi tashuv 2025-yilda sinov safaridan so‘ng amalga oshirildi, o‘shanda “Sea Legend” konteyner kemasi birinchi marta Xitoydan Buyuk Britaniyaga Arktika orqali 20 kun ichida suzib o‘tgan edi. Joriy yilda kompaniya sakkizta sayohatni rejalashtirmoqda.
Biroq Shimoliy dengiz yo‘nalishi hali an’anaviy savdo yo‘llarining to‘liq o‘rnini bosa olmaydi. Navigatsiya muz sharoitlari va ob-havoga bog‘liq, kemalar esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
Arktikada qutqaruv amaliyotlari uchun infratuzilma ham cheklanganligicha qolmoqda. Qolaversa, yuqori sug‘urta xarajatlari va yo‘nalishning Rossiya qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tishi bilan bog‘liq geosiyosiy xavflar ham qo‘shimcha to‘siqlar tug‘diradi.
S.Rahimov, O‘zA