Bektemir tumanida yana bir ta’lim maskani foydalanishga topshirildi
Yurtimizda Mustaqillikning 35 yillik bayrami arafasida va yangi o‘quv yili oldidan bir qancha yangi va zamonaviy ta’lim maskanlari foydalanishga topshirildi.
Xususan, Bektemir tumanidagi 290-sonli umumta’lim maktabi yangicha qiyofada o‘quvchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. O‘quvchilar va ota-onalar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘lgan ushbu muassasa zamon talablariga mos sharoitlari va ilg‘or moddiy-texnik bazasi bilan ajralib turadi. Mazkur yangi binoning ishga tushirilishi hududdagi aholi farovonligini oshirish va yosh avlodga sifatli bilim berish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Qayd etilganidek, maktab hududida 750 o‘rinli yangi o‘quv binosi bunyod etilib, 1975-yilda qurilgan 960 o‘rinli mavjud bino to‘liq ta’mirlandi.
Natijada ta’lim dargohining umumiy sig‘imi 1 714 o‘ringa yetkazilib, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratildi. Ta’lim dargohida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Jumladan, shinam sinfxonalar, mashg‘ulot xonalari, zamonaviy oshxona, sport zallari hamda faollar zali o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi. Maktabning ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, mas’ul tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, ota-onalar hamda o‘quvchilar ishtirok etdi. Tadbir davomida yangilangan maktabda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishilib, o‘quvchilar bilan samimiy muloqot qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA