Termizda yangi ixtisoslashtirilgan maktab foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Termiz shahridagi Manguzar mahallasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab Termiz filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy ta’lim majmuasi 504 o‘rinli o‘quv binosi, 222 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona va sport zalidan iborat. Bu yerda 5–11-sinf o‘quvchilariga informatika, matematika, fizika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘qitiladi.
[gallery-31052]
Yangi ta’lim maskanida o‘quvchilarning fanlarni puxta o‘zlashtirishi, iqtidorini rivojlantirishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Yotoqxonaning mavjudligi esa boshqa hududlardan kelib tahsil oladigan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Yangi majmuaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, soha mutasaddilari, faxriylar, ustoz-murabbiylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Shu kuni videokonferensaloqa orqali viloyatning tuman va shaharlarida yana 35 ta umumta’lim maktabi hamda 13 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Buning natijasida 11 ming nafar o‘quvchi va 1,5 ming nafar tarbiyalanuvchi uchun zamonaviy ta’lim-tarbiya sharoitlari yaratildi.
Ta’lim sohasidagi bunday yangilanishlar yosh avlodning sifatli bilim olishi, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi, iqtidorini erkin namoyon etishi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur ta’lim maskanlari yurtimizda yoshlarga, ularning bilim olishi va kamol topishiga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA