Behbudiy – jadid ma’rifatparvarlarining otasi
O‘zbekistonda teatr san’atining qaror topishi, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining keng targ‘ib etilishida jonbozlik ko‘rsatgan jadid bobolarimizdan biri Mahmudxo‘ja Behbudiyning millatimiz oldidagi xizmatlari beqiyos. Bu yil yurtimizda Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bunda “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi Prezident qarori alohida ahamiyat kasb etadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i Aziza Ahrorova Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati, uning Vatan oldidagi fidoyiligi va ushbu qaror mohiyati to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Yurtimizda jadidchilik harakati namoyandalariga juda yuksak darajada e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlashga qaratilgan Prezident qarori bu boradagi sa’y-harakatlarning yana bir namunasi bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, jadidchilik namoyandalarining g‘oyalari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mahmudxo‘ja Behbudiy jadid ma’rifatparvarlarining otasi hisoblanadi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan alohida ekspozitsiyamiz bor va uning boshlanishida Mahmudxo‘ja Behbudiyning rasmi joy olgan. Chunki u yuqorida ta’kidlaganimdek, jadidchilik harakatining otasidir. O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan jadid maktablari ochila boshlangan.
Samarqandda tavallud topgan Behbudiy tog‘asi Muhammad Siddiq yordamida xat-savodini chiqargan, eski maktab-madrasada o‘qigan, arab tilini o‘rgangan. Qozixonalarda mirzalik, qozilik vazifalarida ishlagan. 1893-1900 yillarda Yaqin Sharq mamlakatlariga, shu jumladan, Makka shahriga Haj safariga boradi. Keyinroq Moskva, Peterburg, Qozon, Ufa shaharlarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya maskanlari bilan tanishadi. 1914 yilda Misr, Arabiston davlatlarida bo‘ladi. U hamisha bid’at va xurofotga qarshi kurash olib borgan. O‘z asarlarida islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri tushunish lozimligini uqtirgan, milliy masalalarga keng e’tibor bergan, davriy matbuot nashrlarida zamonasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ijtimoiy, siyosiy, tarixiy, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy maqolalari bilan faol ishtirok etgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘tgan asrning 1915 yillaridan boshlab Rossiya, Turkiya, Turkiston matbuotida 300 ga yaqin maqolasi, 13 ta darslik, badiiy va tarjima asarlari e’lon qilingan. Ushbu maqolalarning asosiy qismini ta’lim-tarbiya, ma’rifatparvarlik va madaniy g‘oyalar tashkil etadi. U 1913 yilda Samarqandda ma’rifat, madaniyat g‘oyalarini targ‘ib etadigan “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini nashr eta boshlaydi. Behbudiyning “Padarkush” nomli birinchi o‘zbek dramasi 1914 yilda sahnaga qo‘yiladi. Behbudiy yangi usul maktablarining ilk targ‘ibotchisi va asoschisi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu maktablar uchun darsliklar yaratgan yirik ma’rifatparvardir.

Behbudiy Turkistonning mustaqil va ozod bo‘lishi yo‘lida tinimsiz kurashdi va bu yo‘lda jonini fido qildi. Uning “Haq olinur, berilmas” degan so‘zlari jadidlarning shioriga aylandi.
Sovetlar tashkil etgan qirg‘inlar, adolatsizliklar avjiga chiqqanida, bu haqda jahonga ma’lum qilish uchun yo‘lga otlangan Behbudiy dushman tomonidan qatl etiladi. Hozirgacha uning qabri qayerda ekanligi ma’lum emas.
Behbudiyning g‘oyalari, qarashlari yosh avlodga ibrat maktabi bo‘ladi. Umuman, jadidchilik harakati vakillari o‘z Vatanini sevib, uning ozodligi, rivojlanishi va taraqqiy etishi uchun kurashgan xalqparvar va fidoyi insonlardir. Bugungi yoshlarimiz ularga munosib voris bo‘lish uchun jadidlarimiz va ularning hayoti, faoliyati, g‘oya va qarashlarini yaqindan bilishlari, o‘rganishlari lozim.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining mazkur qarori alohida ahamiyatga ega muhim hujjat bo‘ldi. Qarorda belgilangan chora-tadbirlar yosh avlodning o‘z ajdodlari haqida yanada keng bilishlari, ularga munosib avlod bo‘lishlari hamda vatanparvarlik ruhida ulg‘ayishlariga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.