Batat: O‘zbekiston uchun yangi, shifobaxsh sabzavot
Yurtimiz aholisiga deyarli noma’lum bo‘lgan batat – kelajakdagi oziq-ovqat manbai yoki sog‘lom turmush tarzining yangi kalitimi? Bu noyob sabzavotning sirlari va O‘zbekistondagi ilmiy izlanishlar haqida yosh olim bilan suhbatlashamiz.
Batat haqida yurtimiz aholisining ko‘pchiligi eshitmagan bo‘lsa kerak. Chunki, ushbu sabzavot hali xalqimizning iste’moliga to‘liq kirib kelmagan. Tadqiqotlar natijasidan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, yurtimizda uning zararkunanda hasharotlari ham aniqlanmagan. Pechakdoshlar oilasiga mansub, ko‘p yillik issiqsevar o‘simlikning mazasi an’anaviy iste’mol qilinadigan kartoshkaga yaqinligi bois balki kelgusida oziq-ovqat zanjirida muhim o‘rin egallar.
Uning vatani Meksika va Markaziy Amerika qit’asidir. Oziq-ovqat sifatida konserva, kraxmal-qiyom va spirt sanoatida ishlatiladi. Balkim kelgusida chipslar tayyorlashda ham qo‘llanilar. Qadimdan Xitoyda ham batat ekib kelingan. Ushbu o‘simlik qalamchasidan ko‘paytiriladi. Palagi chorva uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi.
Xullas, bu o‘simlik haqida yurtimizda uni ko‘paytirish va xususiyatlarini aniqlash borasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh tadqiqotchi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti Dilmurod Abdullayev bilan suhbatlashdik.
- Dilmurod, ayting-chi batat hosilidan qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq foydalansak bo‘ladi?
– Bu O‘zbekistonda kam tarqalgan sabzavot ekin turlariga kiradi. Juda vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi. Lekin kartoshkaga nisbatan shirinroq tarkibda, shakar miqdori ko‘p. Antioksidantlarga boyligi sababli shifobaxsh hisoblanadi va u inson organizmiga A vitamin bo‘lib xizmat qiladi. Moddalar almashinuvida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari beto-karotinga ham boy. Tajriba maydonlarimizda qizil, sariq, binafsharang hamda oq navlarimiz bor. Bulardan eng ommalashgani sarig‘i hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Ay5pmMUTqBg" title="Batat kartoshka o‘rnini bosa oladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yakubov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA