O‘zbek olimalaridan import o‘rnini bosuvchi yangi sabzavot navlari(+video)
O‘zbekistonlik olimlar qishloq xo‘jaligida muhim qadam tashladi. Ular tomonidan yaratilgan pomidor va qalampirning yangi navlari nafaqat mahalliy iqlimga mos, balki mamlakatning agrar salohiyatini oshirishda katta ahamiyatga ega.
Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti olimalari tomonidan pomidorning yangi “Hilol F-1” navi yaratildi. Ushbu dargohning Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi kafedrasi professori Go‘zal Xolmurodova ilmiy maslahatida mustaqil tadqiqotchi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Bahodir Ahmedov bilan hamkorlikda pomidorning “Nafis F-1”, “Tong F-1” va shirin qalampirning “Yoqut F-1” gibridlari ustida olib borilgan ilmiy izlanishlari bugun amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Shuningdek, mustaqil tadqiqotchi Guljahon Mirsharipova kafedra professori Go‘zal Xolmurodova bilan hamkorlikda pomidorning “Hilol F-1” gibridlarini yaratishdi. Ushbu nav hozirda bozorlarda xaridorgir bo‘lgan “Cherri” navli pomidorga o‘xshash bo‘lib, mahalliy iqlim sharoitimizga moslashtirilgan.

Ushbu yangi navlar xushta’mligi va vitaminlarga boyligi, tashish uchun qulayligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi bilan alohida ajralib turadi.

Mazkur tadqiqotlarning asosiy maqsadi – zamonaviy talablarga javob beradigan gibrid urug‘larning chetdan kirib kelishini kamaytirish, davlat mablag‘larini tejash va aholini yuqori sifatli sabzavot urug‘lari bilan ta’minlashga qaratilgani uchun ham ahamiyatlidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iLQNRyZQEbQ" title="O‘zbek olimalaridan import o‘rnini bosuvchi yangi sabzavot navlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA