Barqaror energiya ta’minoti kafolatlanmoqda
Yangiyo‘l tumanida aholi va iste’molchilarni kuz-qish mavsumida energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr va gaz tarmoqlarining ishonchliligini oshirish hamda ehtimoliy avariya holatlarining oldini olishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mavsumga tayyorgarlik jarayonlarini muvofiqlashtirish maqsadida maxsus shtab tashkil etilib, tumandagi 51 ta mahallaning barchasida elektr va gaz ta’minoti holati o‘rganildi. Aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 273 ta muammo aniqlanib, ularning 269 tasi bartaraf etildi.
Elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash doirasida 346 kilometrdan ortiq tarmoqda joriy va kapital ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, 13 ta yangi transformator punkti va 332 ta tayanch ustuni o‘rnatildi. Tarmoqlarning texnik holatini yaxshilash maqsadida elektr uzatish liniyalariga tegib turgan daraxt shoxlari kesilib, 447,9 kilometr tarmoq tozalandi. Yuklamasi yuqori bo‘lgan 213,7 kilometr tarmoqda fazalararo yuklamalar qayta taqsimlandi.

Tabiiy gaz ta’minoti tizimida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 43 ta gaz taqsimlash punkti modernizatsiya qilinib, 62 tasi optimallashtirildi. 3,6 kilometr gaz tarmog‘i rekonstruksiya qilinib, 27,4 kilometr tarmoq tartibga keltirildi. Shuningdek, 283,8 kilometr yer osti gaz tarmog‘i xatlovdan o‘tkazildi.
Ko‘p qavatli uy-joylarning elektr, gaz va isitish tizimlari texnik diagnostikadan o‘tkazilib, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Energiya ta’minotida qiyinchilikka duch kelayotgan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 5 ta xonadonda 309 million so‘m mablag‘ hisobidan «yashil ta’mirlash» ishlari amalga oshirildi.
Iste’mol madaniyatini oshirish va energiya resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, to‘lov intizomini mustahkamlash borasida ham amaliy choralar ko‘rilmoqda. Natijada elektr energiyasi bo‘yicha 7,63 milliard so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 2,176 milliard so‘m qarzdorlik undirildi. Shu bilan birga, 1,885 milliard so‘mlik noreal elektr qarzdorligi qisqartirildi.

Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan korxonalarda energetik auditlar o‘tkazilib, ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya tejamkor uskunalar bilan ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda. Yuklamasi yuqori va murakkab uchastkalardagi ishlarni jadallashtirish maqsadida qo‘shimcha brigadalar jalb etilmoqda.
Shu munosabat bilan Energetika vaziri Sherzod Xodjayev Yangiyo‘l tumanida bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif davomida elektr va gaz tarmoqlarining mavsumga tayyorgarlik holati, muammoli uchastkalar hamda aholi murojaatlarining ijrosi ko‘zdan kechirildi.
Mas’ullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan ishlarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, kuz-qish mavsumi davomida elektr va gaz ta’minotida uzilishlarning oldini olish, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Xususan, mavsumga tayyorgarlikning samaradorligi nafaqat tarmoqlarning texnik holati, balki muammolarni oldindan aniqlash, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish va iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish bilan ham belgilandi.
A.Musayev,O‘zA