Bank omonatlariga 5 foizlik soliq solish taklif etilmoqda
Fiskal tahlillar instituti bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Mazkur tashabbus iqtisodchilar, bank mutaxassislari va omonatchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, taklifning mazmun-mohiyati nimadan iborat va u qanday iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Fiscal Dialogue» tadbirida Fiskal tahlillar instituti tomonidan jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlariga ham 5 foizlik jismoniy shaxslar daromad solig‘ini qo‘llash taklifi ilgari surildi. Institut mutaxassislari bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini dividendlar bilan bir xil tartibda soliqqa tortish orqali soliq tizimida betaraflikni ta’minlash mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hozirgi kunda mazkur taklif huquqiy kuchga ega emas. U faqat muhokama bosqichida bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi va Qonunchilik palatasi, Senat tomonidan qabul qilinishi talab etiladi.
Amaldagi Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxslarning bank omonatlari bo‘yicha oladigan foiz daromadlari jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etilgan. Shu bilan birga, 381-moddaga asosan dividendlar hamda ayrim turdagi foiz ko‘rinishidagi daromadlarga 5 foizlik soliq stavkasi qo‘llaniladi. Fiskal tahlillar instituti esa aynan shu yondashuvni bank omonatlari foizlariga ham tatbiq etishni taklif qilmoqda.
Institut fikricha, bank omonatlari bo‘yicha foiz daromadlarining soliqdan ozod qilinishi 1998-yildan buyon amal qilib kelayotgan imtiyoz hisoblanadi. Ushbu imtiyozni qayta ko‘rib chiqish orqali soliq tizimida barcha investitsiya daromadlariga nisbatan yagona yondashuvni shakllantirish va davlat byudjeti daromadlarini kengaytirish mumkin.
Biroq, bu taklif hozircha rasmiy qaror emas va uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri har tomonlama o‘rganilishi lozim.
Iqtisodchilarning bir qismi mazkur tashabbus bank tizimi uchun ayrim xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Birinchidan, keyingi yillarda inflyatsiyaning pasayishi va pul-kredit siyosatidagi o‘zgarishlar natijasida bank omonatlari bo‘yicha foiz stavkalari avvalgi yillarga nisbatan pasaydi. Agar ushbu daromadlardan yana 5 foiz soliq ushlansa, omonatchilarning real daromadi yanada kamayishi mumkin.
Ikkinchidan, bank depozitlari banklar uchun eng muhim va barqaror moliyalashtirish manbalaridan biri hisoblanadi. Depozitlar hajmining qisqarishi iqtisodiyot tarmoqlarini kreditlash imkoniyatlariga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda naqdsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish, aholi mablag‘larini bank tizimi orqali aylantirish va moliyaviy vositachilikni kengaytirish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xususan, 2026-yil 1-apreldan ayrim turdagi tovar va xizmatlar uchun naqd pulda hisob-kitob qilishga cheklovlar joriy etildi. Bu choralar iqtisodiyotda naqd pul aylanmasini qisqartirish va bank tizimi orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar hajmini oshirishga qaratilgan.
Ekspertlarning fikricha, agar omonatlardan olinadigan foizlarga ham soliq joriy etilsa, ayrim fuqarolar mablag‘larini bank depozitlarida saqlashdan ko‘ra boshqa moliyaviy instrumentlarga yo‘naltirishi yoki naqd shaklda saqlashni afzal ko‘rishi mumkin. Bu esa depozit bazasi va banklarning resurs imkoniyatlariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA