Barchamizga ma’lumki, keyingi paytlarda bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘irlik va firibgarlik holatlari ko‘payib bormoqda. Tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida ana shunday huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy usullariga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Xususan, antifrod, biometrik identifikatsiya va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ayni shu masalaning yechimiga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, antifrod va biometrik identifikatsiya tizimlaridan foydalanish majburiyati joriy etiladi. Markaziy bank tomonidan ruxsat etilmagan to‘lovlar aniqlanganda, bank kartalari va mobil ilova akkauntlaridan foydalanishni uch kungacha cheklash to‘g‘risida to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchilarga ko‘rsatma yuborilishiga doir vakolat berilishi mumkin.

Shuningdek, to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish maqsadida banklar, to‘lov tashkilotlari va ularning to‘lov agentlari va subagentlariga ruxsat etiladigan to‘lov xizmatlari turlari alohida belgilanmoqda. Bank plastik kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirishda nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining muhimligini e’tirof etgan holda o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham atroflicha ko‘rib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA