Banklar va to‘lov tizimlarini rivojlantirishga ilg‘or xalqaro amaliyot keng joriy etiladi
Senatning 20-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, bozor mexanizmlarini rivojlantirish, banklar va to‘lov tizimlarining barqarorligini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni belgilash va to‘lov tizimlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlarni xalqaro tamoyillardan kelib chiqqan holda samarali tarzda amalga oshirish, moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Markaziy bankning institutsional mustaqilligini yanada mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish bilan bog‘liq faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Oliy Majlis Senatining qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Banklarda korporativ boshqaruvni va ichki auditni tashkil etish, aholining qarz yukini tartibga solish, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, tizimli moliyaviy inqiroz yuzaga kelishining oldini olish hamda to‘lovlarni va to‘lov tizimlarini tartibga solish yuzasidan Markaziy bank yuridik xizmatining ijobiy xulosasi berilgan normativ-huquqiy hujjatlar soddalashtirilgan tartibda o‘n kun ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun banklar va to‘lov tizimlarining barqarorligini mustahkamlash, banklar va to‘lov tizimlarini rivojlantirish borasida ilg‘or xalqaro amaliyotni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA