Bandixonlik Diyorbek O‘ralov AQSHda o‘qiydi
Surxondaryo viloyatidagi Bandixon tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi Diyorbek O‘ralov Amerika Qo‘shma Shtatlarining University of Minnesota oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinib, gumanitar fanlar yo‘nalishida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Bu haqda xabar bergan tuman hokimligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Diyorbek mamlakatimizda yosh avlodning chuqur bilim olib, kamolga yetishi uchun yaratilayotgan sharoitlardan oqilona foydalanib, a’lo baholarga o‘qimoqda. Betinim izlanib, ilm-fan sirlarini chuqur egallamoqda.

Dunyoning eng rivojlangan davlatidagi universitetda o‘qish baxtiga muyassar bo‘lgan Diyorbek O‘ralov ta’lim-tarbiya olayotgan ixtisoslashgan maktabda o‘g‘il-qizlarning o‘qib, izlanishi va o‘z iste’dodini keng namoyish etishi uchun barcha imkonyat yaratilgan. Darslar ilg‘or pedagogik yondashuvlar asosida olib boriladi. Iqtidorli, izlanuvchan o‘qituvchilarning “Yosh akademiklar” klubi va fan to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Minnesota shatatidagi nufuzli universitetda 50 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri