Bag‘dodda nima gaplar?
Bugun "Farg‘ona – Qo‘qon" yo‘lida joylashgan Bag‘dod shaharchasi hammaning e’tiborida. Qaysi ko‘chaga kirmang, qudratli texnik vositalar ishlayotganini ko‘rasiz. Odamlar orasida esa shov-shuv tarqalgan: Yangi Bag‘dod qurilar emish.
Ha, Bag‘dodda bir tomonda ko‘prik, boshqa tomonda yo‘l qurilyapti. Qoq markazdagi eski uylar esa buzilib, o‘rni tekislanib, yangi loyihadagi o‘n qavatli zamonaviy binolar qurilishi boshlandi.
60-70 yillar oldin qurilgan, ma’nan eskirgan, yashashga noqulay, tobora xaroblashib borayotgan uylar ketma-ket buzib tashlanyapti.

– Eski uylarimiz zax, chunki yer osti suvi juda yaqin. Shuning uchun ko‘lmaklar hosil bo‘ladi, – deydi shu uyda yashovchi Tohir Mo‘ydinov. –Uyni pashsha bosardi. Agar yangi uyga ko‘chib o‘tsak, hayotimiz yaxshilanadi. Bag‘ri dilimiz ochiladi.
Eski uyda yashovchi aholi islohotlarni to‘g‘ri anglayapti. Chunki bu uylarda ortiq yashab bo‘lmas edi.

– 23 ta ikki qavatli uyni qayta qurish lozim. Ularda 216 ta xonadon mavjud. Avvalgi uylarda kanalizatsiya tizimi ham yo‘q edi, – deydi “Yangi Bo‘ston” MCHJ uy-joyga xizmat ko‘rsatish idorasi rahbari Mamadiyor Muhammadaliyev. – Yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan. 7 gektar hududimizda 5 ta drenaj quduqlari bor. Qishda zax suvlar ko‘tarilib ketadi. Yer osti suvini tortib ulgurolmaydi. Natijada turarjoy binolar sifatini yo‘qotadi. Binolar suvoqlari tushib ketadi.
Bu uylarning sobiq egalari vaqtincha ijaraga chiqarildi. Ammo ularga har oyda 1,5 mln.so‘mdan ijara haqi ham to‘lab berilyapti.

Yangi uylar esa shiddat bilan qurilmoqda. Yoz emasmi, ish ikki smenada tashkil etilgan. Bir hafta-o‘n kunda bir qavat ko‘tariladi, deydi quruvchilar.
– 23 ta ma’naviy eskirgan uylar o‘rniga 23 ta 7-10 qavatli uylar quriladi. Birinchi qavatiga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashadi, – deydi “Krona stroy” MCHJ raisi Dilmurod Yo‘lchiyev. – Mana bu qurilayotgan bino o‘rnida 2 qavatli uy bor edi. Aholi 16 ta xonadonda yashashardi. Yetti qavatli yangi uy bitsa uning 16 ta xonadoni eski uy egalariga beriladi. Hozir ular ijarada turishibdi va ijara pullarini biz to‘lab beryapmiz.

Ha, Bag‘dodda tunlari tinch bo‘lsa-da, kunduzlari hayot qaynamoqda. Oy-kun o‘tib yana Bag‘dodga keling. Unda siz mutlaqo yangi shaharni ko‘rasiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gq8vLtFcHak" title="Bog‘dodda nima gaplar?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA