Yangi O‘zbekistonning yangi massivi: Bag‘dod tajribasi
Bugun Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanining “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy shaharsozlik me’morchiligi an’analari asosida barpo etilayotgan yangi shaharchaga tashrif buyurgan odam o‘zini xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his etadi.
Ammo bu ertak yoki tush emas: qisqa fursatda ko‘z o‘ngimizda ko‘p yillik orzularni ro‘yobga chiqarayotgan asl hayotiy haqiqatdir. Yangi O‘zbekistonning yangi massivi har qanday kishi havas qiladigan, barcha sharoitlarga ega maskan sifatida dasht qo‘ynida yanada chiroy ochmoqda.
Obodlikdan, saranjom-sarishtalikdan dilingiz yayraydi. Bundagi kenglik, muhtashamlikdan ko‘ngil yayrab-yayrab nafas oladi. Har bir yumush, har bir bino-inshootda xalqimizga xos yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati to‘liq namoyon bo‘ladi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash bugun dolzarb vazifa sanaladi. 2000 yildagi ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tumanda 140 mingdan ortiq aholi yashagan. Ayni paytda esa 218 ming kishi umrguzaronlik qilyapti. Albatta, aholini, ayniqsa, yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, ular uchun munosib turmush sharotini yaratib berish eng dolzarb masalaga aylandi.
–O‘tgan 85 yil mobaynida Bag‘dodda bor-yo‘g‘i 53 ta ko‘p qavatli 786 ta xonadonli uy qurilgan, xolos, – deydi tuman hokimi Vosiljon Nazarov. – Shu raqamning o‘zi uzoq yillar davomida tilga olishga arzigulik qurilish ishlari bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Albatta, bu tez orada o‘tmish xotiralariga aylanadi. Bugun tumanimizda aholining uy-joyga bo‘lgan talabi inobatga olinib, istiqbolli dasturlar ishlab chiqilgan, ularni hayotga tatbiq etish ishlari qizg‘in ketyapti. Bu uylarning sifati, narxi arzon bo‘lishi hisobga olingan holda qurilish madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois shaharcha va uning atrofidagi ob’ektlar rejasini tuzishda istiqbolda aholining o‘sishi, uning infratuzilmasi va ishlab chiqarishning kengayishi kabi jihatlar ham nazarda tutilgan.
O‘tgan yil kuzida mazkur shaharchani barpo etish uchun “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 21,2 gektar yer maydoni ajratildi, bunyodkorlik rejalarini amalga oshirish davomida 21 ta qurilish tashkilotini jalb etishga to‘g‘ri keldi. Oradan ko‘p o‘tmay 57 ta bir pod’ezli 20 xonadondan iborat 5 qavatli, 4 ta 3 podezdli va jami 61 ta energiya tejamkor uyni hamda 9 ta infratuzilma ob’ektini barpo etishga kirishildi.
O‘ziga xos me’moriy qiyofaga ega shaharcha loyihasi mamlakatimizda kamyob sanaladi. Aholi uchun yaratilayotgan shart-sharoit, zarur infratuzilma, ijtimoiy inshootlarning majmua holda bunyod etilishi uning haqiqatan ham namunali loyiha asosida qad rostlaganini namoyon etadi.
Ayni kunda Guliston shaharchasida 1 ming 252 xonadonga mo‘ljallangan 61 ta to‘rt va besh qavatli uylar qurilishi yakuniga yetkazilyapti. Hozirgi kunga qadar mingga yaqin xonadonlar uchun boshlang‘ich to‘lov amalga oshirilib, yangi uy sohiblari eng zamonaviy shart-sharoitlar muhayyo qilingan maskanlarga ko‘chib kelishdi. Shu bilan birgalikda bu yerda ijtimoiy soha ob’ektlarini bunyod etishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Joriy yilda ijtimoiy ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida 9,1 milliard so‘m hisobiga 120 o‘rinli 56-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha yangi 420 o‘rinli o‘quv binosi, viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 13,7 milliard so‘mga 350 o‘rinli madaniyat uyi barpo etildi. Tuman mahalliy byudjetidan 674 million so‘m mablag‘ mahalla binosi, istirohat bog‘ini barpo etishga yo‘natiltirildi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan oilaviy poliklinika, 6 ta ikki qavatli savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi, sun’iy qoplamali sport maydonchasi, ko‘ngilochar ob’ektlar, bolalar maydonchalari hamda kovorking markazini qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Yangi uylardan biriga ko‘chib kelgan yosh oilaning quvonchi cheksiz. Anvarjon Mirzaahmedov qo‘li gul usta, Umida Mirzaahmedova tumandagi 5-maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi.
–Ikki xonali yangi uyning kredit to‘lovi uchun birinchi yilga oyiga 640 ming so‘m, dastlabki 5 yillik imtiyozli davr uchun 1 million so‘m belgilangani, uyning qolgan puli 20 yil davomida to‘lanishi bizga juda ham manzur bo‘ldi, –deydi Umida. – Bugun opa-singillarim, hamkasblarimni mehmonga chaqirgan edim. Yangi uyimiz ularga juda ham yoqdi. Ba’zilari oila a’zolari bilan maslahatlashib, shu uylardan sotib olishni ham niyat qilib qo‘yishdi. Yaqin vaqt ichida Guliston har tomonloma fayzli, obod shaharchaga aylanishiga ishonamiz.
Qo‘shtegirmon qishlog‘ida yashovchi Subbinisoxon hoji ona Ziyatova 74 yoshni qarshiladi. Farzandlari u kishining tavallud kunlariga ajoyib sovg‘a hozirladi: yangi barpo etilgan Guliston shaharchasidagi ko‘p qavatli uylardan 2 xonali kvartira hoji onaga sovg‘a qilindi.
[gallery-4528]
Besh ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilishi ko‘zda tutilayotgan yangi shaharchada ko‘p qavatli uylar, birinchi navbatda, unga muhtoj oilalarga ajratildi, subsidiyalar berildi, shuningdek, imtiyozli kreditlar berish orqali ularning mushkuli oson bo‘lyapti.
Infratuzilma ob’ektlarini qurish va obodonlashtirish ishlari shu bilan yakun topmaydi. Shaharchaga 3,6 kilometr tabiiy gaz, 6 kilometr elektr, 2,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. 10 ta transformator o‘rnatildi, 2 dona tik quduq qazildi, rezervuar, suv tozalash inshooti, 2 kilometrdan ortiq yangi yo‘l barpo etildi.
Mahallada uy-joy bilan ta’minlangan aholini ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash masalasi ham o‘z yechimini topmoqda. Ko‘p qavatli uylar massiviga yondosh hududda foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta o‘zlashtirish hisobiga limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar tashkil etish uchun 104 gektar yer ajratildi. Ayni paytda 1000 ta 10 sotixli issiqxonalar qurilishi boshlangan bo‘lib, ulardan 310 tasi to‘liq qurib bitkazildi va 250 dan ortig‘ida limon yetishtirish ishlari boshlab yuborildi.
Bu issiqxonalar o‘z egalariga qurilish tashkilotlari tomonidan limon ko‘chatlari ekilib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilgan holda topshirilyapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning o‘rtacha narxi 88 million so‘mni tashkil etadi. Bank kreditlari 7 yilga boshlang‘ich to‘lovsiz 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratilmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 sotixlik 20 ta issiqxona 20 nafar ishsiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga berilgan.
Bu yerda kichik sanoat zonasining tashkil etilishi ham tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Hozirgi kunda “Muruvvat” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududidagi 4,1 gektar maydonda 23 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning qiymati 28,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ajratilgan yer maydonlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish bilan bir qatorda ishlab chiqarish jarayonlari ham boshlab yuborilgan. Ular to‘liq ishga tushgach, 825 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlanadi.
Inson uchun o‘z boshpanasi, uy-joyi bo‘lish katta baxt. Bu massiv yuzlab oilalarning hayotini o‘zgartirib, quvonch ulashmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan yangi massiv “Bag‘dod tajribasi” deya e’tirof etilib, bugun mamlakatimiz bo‘ylab ommalashtirilmoqda. Bu inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning amaldagi ifodasidir.
Xuddi shunday shaharcha namunasi asosida Yozyovon, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida ham kamida 4-5 ming xonadonli “yo‘ldosh” shaharchalar bunyod etiladi. Kelgusi besh yilda viloyatda jami 30 ming kvartirali 700 ta ko‘p qavatli uylar quriladi. Bunda 2,5 mingta uy-joy og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg‘iz ayollar, ehtiyojmand oilalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga beriladi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov, T. Madaminov (surat), O‘zA