Ayollar va bolalar huquqlari – jamiyat barqarorligining muhim kafolati
Mamlakatimizda ayollar va bolalarning huquqlarini ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash, oila institutini mustahkamlash bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonning mazmun-mohiyatini aholiga keng tushuntirish maqsadida ayni paytda Buxoro viloyatiga biriktirilgan respublika ishchi guruhi hududdagi mas’ul idoralar bilan hamkorlikda keng qamrovli targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirmoqda. Ta’lim muassasalari, mahallalar, mehnat jamoalarida tashkil etilayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va seminarlar aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday uchrashuvlar Buxoro shahridagi “Hamid Olimjon” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 29-sonli umumta’lim maktabida, Olot tumani Ma’naviyat va ma’rifat maskanida, tumandagi 2-sonli umumta’lim maktabida, shuningdek, Kogon shahridagi “Turkiston” va “Abdulla Qodiriy” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, xotin-qizlar, yoshlar hamda ta’lim muassasalari xodimlari faol ishtirok etdi. Ochiq muloqotlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi direktorining o‘rinbosari Adiba Nuritdinova, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘lim boshlig‘i Barno Ashirmatova, viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Ortiqova so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar va belgilangan vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Seminar-treninglarda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, tazyiq va zo‘ravonlikning turlari, uning salbiy oqibatlari, jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy, huquqiy hamda psixologik yordam masalalari keng muhokama qilindi.
Tadbirlarda oilalarda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Chunki har bir oilada tinchlik va hamjihatlik qaror topsa, butun jamiyatda barqarorlik va taraqqiyot ta’minlanadi.
[gallery-28833]
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi, amalda uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi. Bu esa aholi bilan ochiq muloqot qilish, mavjud muammolarni joyida hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur farmon ijrosi doirasida olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari nafaqat huquqiy madaniyatni yuksaltirish, balki ayollar va bolalarga nisbatan har qanday tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA