Ayollar va bolalar huquqlari — ustuvor vazifa
Sirdaryo viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda “Oqila ayollar” harakati a’zolari, adliya va ichki ishlar organlari vakillari, shuningdek, boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etib, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor vazifalar, amaliy mexanizmlar hamda hududlarda olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Seminar davomida farmon ijrosi doirasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, joylarda targ‘ibot ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, jamiyatda maishiy zo‘ravonlik va erta nikohning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Belgilangan rejaga muvofiq, viloyatning faol ayollari ishchi guruh vakillari rahbarligida hududlarda keng qamrovli targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi. Ular aholi o‘rtasida farmon mazmun-mohiyati, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib boradi.

Shuningdek, targ‘ibot jarayonida mavjud muammolarni o‘rganish, aholi fikr-mulohazalarini to‘plash va ularni tahlil qilish ham muhim vazifa sifatida belgilandi.
Oila va xotin-qizlar boshqarmasida o‘tkazilgan seminarda 40 dan ortiq hududiy targ‘ibot guruhi a’zolariga amaliy ko‘rsatmalar berildi. Ularga ko‘rgazmali tarqatma materiallar taqdim etilib, targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etish, aholi bilan muloqot madaniyati, mavjud muammolarni aniqlash va ularni joyida muhokama qilish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

– Mazkur o‘quv-seminar Prezident farmonida belgilangan vazifalarni amalda samarali ijro etish, joylarda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, targ‘ibot guruhlari salohiyatini oshirish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkoniyati kengayadi, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova.
Shuningdek, targ‘ibot tadbirlarining shakli va amalga oshirish rejasi kelishib olindi.
Targ‘ibot tadbirlari viloyat hududi bo‘ylab davom etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri