Ayollar odil sudlov tizimida: muloqot, rivojlanish va adolat
Dushanbe shahrida “Ayollar odil sudlov tizimida: muloqot, rivojlanish va adolat” mavzusida xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi sud organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan sessiyalarda genderga moslashgan odil sudlov tizimini rivojlantirish, odil sudlovni raqamlashtirish va uning odil sudlovga erishishga ta’siri, ayol sudyalarning salohiyatini kuchaytirish hamda diskriminatsiya bilan bog‘lik ishlarda odil sudlovga ishonchni oshirish masalalari keng muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ayol sudyalar birlashmalarining sud tizimi jozibadorligini oshirish, ayollarni sud hokimiyatiga jalb qilish hamda ularni huquqiy va institutsional tarzda qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar yuzasidan delegatlar fikr almashib, sudlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Konstruktiv va do‘stona muhitda bo‘lib o‘tgan anjuman yakunida mavzuga doir xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA