Raqamli odil sudlov: xalqaro standartlar, axborot xavfsizligi va inson huquqlari
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida “Raqamli odil sudlov: xalqaro standartlar, axborot xavfsizligi va inson huquqlari” mavzusidagi xalqaro o‘quv kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimizning 2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlashni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgani qayd etildi. Shuningdek, milliy va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ta’kidlandi.
[gallery-28914]
Shundan kelib chiqib, Akademiya xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozirgi vaqtda Akademiya YeXHT, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Germaniya huquqiy hamkorlik xalqaro jamg‘armasi (IRZ), YUNISEF, YUNESKO, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) va Xalqaro yuristlar komissiyasi kabi nufuzli tashkilotlar bilan yirik grant va loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, 20 ga yaqin xorijiy davlatning sudyalarni tayyorlash muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.
Bugun o‘z ishini boshlagan xalqaro o‘quv kursi Akademiya tarixida alohida ahamiyatga ega. Zero, ilk bor xorijiy davlatlar sud-huquq tizimi vakillarini o‘qitishga qaratilgan bunday formatdagi xalqaro o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yildi. Unda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkiyaning tegishli sudyalar tayyorlash muassasalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda mamlakatimiz sudyalari ishtirok etmoqda.
Tadbirni Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov kirish so‘zi bilan ochib, sud tizimini raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etishning muhimligiga to‘xtaldi. Sudyalar malakasini xalqaro standartlar asosida oshirish hamda inson huquqlarini ishonchli himoya qilish bugungi kunning ustuvor vazifasi ekani qayd etildi.
Mazkur o‘quv kursi sud tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda inson huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan dolzarb bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. O‘quv dasturi doirasida xalqaro huquq standartlari, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari, raqamli kriminalistika, kiberjinoyatchilikning oldini olish va raqamli dalillar bilan ishlashning zamonaviy usullari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
N. ABDURAIMOVA,
F. ABDURASULOV (surat),
O‘zA