Axsikent – buyuk tarix va madaniyat beshigi
Samarqand shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyev muallifligidagi “Axsikent arxeologiya parki” kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
16-20 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan Butunhahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi arafasida tashkil etilgan tadbirda arxeolog va tarixchi olimlar, turizm sohasi vakillari va samarqandlik ijodkorlar, talaba yoshlar qatnashdi.

Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, Turzim qo‘mitasi mutaxassisi T.Mirzayev, Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, institutning yetakchi ilmiy xodimi, tarixchi olim Amriddin Berdimurodov va boshqalar Axsikent yodgorligi va mazkur kitobning yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritdilar.
– Axsikent yodgorligi Farg‘ona vodiysidagi eng yirik arxeologik yodgorlik hisoblanadi, – deydi Axsikent arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari Anvar Ikromov. –- Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ko‘hna Axsikent shahri xarobalari uzoq vaqtlardan buyon tarixshunos olimlarni qiziqtirib keladi. Ikki yarim ming yillik tarixga ega Axsikent dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shgan allomalar, xususan, temuriylar sulolasining zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Bobur voyaga yetgan kent sifatida mashhur. 1620 yildagi kuchli yer silkinishi gullab-yashnagan Axsikentni tamoman vayronaga aylantirgan bo‘lsada, uning nomi asrlar qa’riga singib ketmadi.

Axsikentni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan boshlangan. Akademik Yahyo G‘ulomov va arxeolog Inqilob Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Zahiriddin Muhammad Bobur kamolga yetgan Axsikent ekanligini isbotlagan. Bu yerda qazishma ishlarini olib borayotgan tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyevning amaliy mehnatlari evaziga yodgorlik hududida sakkizta yangi ob’ekt ochildi. Ushbu ob’ektlar ochiq osmon ostidagi sakkizta muzeyga asos bo‘ladi.
– Buyuk ipak yo‘li yoqasidagi qadimiy Axsikent haqidagi nodir ma’lumotlarni o‘zida jamlovchi kitob chop etish tashabbusi davlatimiz rahbarining Axsikentga tashrifi chog‘ida berilgandi, – deydi Turizm qo‘mitasi mutaxassisi T.Mirzayev.– O‘tgan davr mobaynida katta jamoa puxta ish olib bordi va uchta – o‘zbek, ingliz va rus tilidagi ushbu nashr dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu kitob taqdimoti Samarqandda 16-20 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BMT Jahon turistik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi arafasida tashkil etilayotgani bejiz emas. Xalqaro tadbirlar doirasida xorijlik sayyohlarga yurtimizdagi yana bir sayyohlik markazi – Axsikent turizm manzilini taqdim etishni maqsad qilganmiz. Bu tarixiy va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda, Farg‘ona vodiysida sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.

Axsikentni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, xalqaro sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish ko‘zda tutilgan. Qadimiy shahar o‘rnida Markaziy Osiyodagi eng katta muzey tashkil etilyapti. Shaharning qadimiy dovrug‘ini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Zahiriddin Boburning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo bo‘ylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada ko‘hna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari