O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtomobil yo‘llari bo‘ylab katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
avtomobil yo‘llarida vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha zamonaviy o‘lchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va ko‘chma shoxobchalar o‘rnatish va ulardan foydalanish sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish;
o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar elektron onlayn auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga yigirma yil muddatga ijara asosida va boshqa tadbirkorlik sub’ektiga o‘tkazish huquqi bilan beriladigan bo‘ldi.
Mazkur qarorga ko‘ra:
a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:
o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarni (hududlarni) Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi bilan kelishgan holda belgilaydi va mazkur joylar (hududlar) elektron onlayn auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan talablar bilan ijara huquqi asosida beriladi.
Bunda ushbu joylar (hududlar) atrofida transport vositalari aylanib o‘tishi mumkin bo‘lgan avtomobil yo‘llariga tasdiqlangan dislokatsiya va umumiy texnik talablar asosida ko‘chma shoxobchalar tashkil etilishiga ruxsat beriladi;
b) tadbirkorlik sub’ektlari:
o‘lchov-nazorat shoxobchalarining uskunalari va dasturiy-texnik vositalarini belgilangan texnik talablarga muvofiq xarid qiladi va o‘rnatadi;
o‘lchov-nazorat shoxobchalarini o‘ziga ijara huquqi asosida berilgan avtomobil yo‘li joyida (hududida) o‘z mablag‘lari hisobidan muhandislik- kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va saqlash ishlarini amalga oshiradi hamda foydalanish xarajatlarini qoplaydi;
v) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi belgilangan me’yordan ortiq yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari respublika hududiga chet davlatlardan import qilinishida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlaydi;
g) Transport nazorati inspeksiyasi avtomobil yo‘llarida belgilangan me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositalari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi;
d) noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkasidan (karerlardan) foydalanuvchilar yuk avtotransport vositalari og‘irlik me’yorlariga rioya qilgan holda yuklanishi va og‘irlik me’yorlardan ortiq bo‘lganlarini yer qa’ri uchastkalari hamda ishlab chiqarish korxonalari hududidan avtomobil yo‘llariga chiqmasligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
2025 yil 27 yanvardan boshlab noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnoma yoki alohida bitimlarning yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish talab va shartlarida ruxsatnoma egasi tomonidan noruda foydali qazilma konida avtotransport vositalarining og‘irlik parametrlarini o‘lchashga mo‘ljallangan tarozilarni o‘rnatish hamda yuk avtotransport vositalari me’yor talablarida yuklanishi va yo‘lga chiqishi bo‘yicha majburiyatlar kiritiladi.
Shuningdek, Hukumatning ushbu qarori bilan:
Avtomobil yo‘llarida og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar va ko‘chma shoxobchalarni tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Mahalliy yuk tashuvchilarning katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda harakatlanish va yuk tashish qoidalarini buzganlik natijasida yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
O‘zA