Munosabat
Xalqimizda “yo‘l qilmasang – el ketadi” degan naql bor. Shuning uchun ham bugun yurtimizda yo‘l masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayapti. Xususan, O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil ichida yo‘l xo‘jaligi sohasi davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil oktyabr oyida sohada boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish va tarmoqni uzoq muddatli strategiya asosida rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Kuni kecha o‘tkazilgan taqdimotda ana shu vazifalar ijrosi va yangi rejalar tahlil qilindi.
O‘tgan ikki yillik vaqt davomida yo‘l xo‘jaligiga 26 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlandi. E’tiborlisi, xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hajmi 3 barobar oshgani sohaning tashqi sarmoya uchun ochiq bo‘la boshlaganini ko‘rsatadi.

Bu raqamlar o‘tmishda faqat tarmoqlararo hisobotlarda zikr etiladigan sohaga aynan siyosiy iroda bilan yangi hayot bag‘ishlanganini tasdiqlaydi. Biroq bu natijalarni muvaffaqiyat deb baholashdan avval, qolgan kamchilik va muammolarga ham ochiq nazar tashlash zarur.
Shu bois, 2025 yilda rejalashtirilayotgan ishlar miqyosi ham katta. Jumladan, bu yil 7 ming kilometr umumiy foydalanishdagi yo‘l hamda 231 ta ko‘prikni qurish va ta’mirlash, 13 ming kilometr tuproq ko‘chalarga shag‘al yotqizish, 400 kilometr sement qoplamali yo‘llar qurish, magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu rejalardan ko‘rinadiki, yo‘l faqat transport vositalari uchun emas, balki xizmatlar infratuzilmasiga ham zamin bo‘ladi. Xalqaro miqyosda transport logistikasi sohasida servis nuqtalari darajasi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab, 72 ta yangi majmua – iqtisodiy samara uchun juda muhim qadam.
Qolaversa, bu yo‘nalishda xalqaro loyihalar ham strategik ahamiyat kasb etadi. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki bilan hamkorlikdagi yirik loyihalar ham joriy etilmoqda. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi, To‘rtko‘l va Beruniy shaharlarini aylanib o‘tuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yo‘llarni to‘la ta’mirlash, Termiz – Denov hamda Sirdaryo – Baxt oralig‘idagi yo‘llarni sement-beton qoplamali qilib qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Bu yo‘llar nafaqat tranzit harakat uchun, balki mintaqaviy iqtisodiy aloqalar va ichki turizmni rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Xalqaro moliya institutlari bilan kelishuvlar esa moliyaviy xatarlarni kamaytirish bilan birga, loyihalarning shaffof va bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Prezident taqdimotda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun zamon talablariga javob bermasligini alohida ta’kidladi. Bu haqiqat. Qonun qariyb 20 yil oldin qabul qilingan va unda zamonaviy muammolar – xususiy sheriklik, intellektual yo‘l texnologiyalari, “smart” servislar, piyodalar huquqlari, ekologik xavfsizlik kabi masalalar aks etmagan.
Shu bois, mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Yangi tahrirda yo‘l rejalashtirishda aholi fikri va ekologik ta’sir baholanadi, piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilib, kommunikatsiya tarmoqlari qurilganda yo‘l holatini tiklash majburiyati hamda pullik yo‘llar, og‘ir yukli transportlar harakati va servis binolarining huquqiy asoslari aniq belgilanadi. Bu yangi yondashuvlar yo‘llar faqat “asfalt” emas, balki ijtimoiy muhit, huquq, ekologik xavfsizlik va iqtisodiy imkoniyat ekanini anglashni talab qiladi.
Yana bir muhim jihat bu – yo‘llarni sifatli saqlash masalasidir. Bu borada hozirgacha ko‘p hollarda byudjet mablag‘i yo‘lni qayta-qayta ta’mirlashga sarflanayapti. Sifatsiz tenderlar, nazoratsiz rekonstruksiyalar, mavhum shartnomalar natijasida bir xil yo‘l ikki yilda uch marta ta’mirlanadi. Bu kabi holatlarni bartaraf etish masalalari ham yangi tahrirdagi qonunni qabul qilishda biz, deputatlar e’tiborida bo‘lishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, yo‘l bu kundalik hayotimizning ajralmas bir qismi. Chunki, yo‘l bor joyda maktab bor, shifoxona bor, ish bor, xizmat bor. Shu sabab, yo‘llarni tiklash – odamlar hayotini yengillashtirish, ishni, savdoni, harakatni osonlashtirish demakdir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA