
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli sharqshunos olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar murabbiyi Ubaydulla Uvatov tavallud kuni munosabati bilan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
«Ubaydulla Uvatov – manbashunoslik va hadisshunoslik darg‘asi» mavzusidagi tadbirda davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, olimning yaqinlari, shogirdlari, talabalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, olim Ahadjon Hasanov va boshqalar Ubaydulla Uvatov jamiyatimiz milliy yuksalishiga munosib hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, islom tarixi va manbashunoslik rivojida Ubaydulla Uvatovning xizmatlari beqiyos. Ustoz keng fe’l, ochiq ko‘ngil, mehnatsevar, ma’rifatparvar inson sifatida ilm ahli, shogirdlari, olimlar yodida qolgan. Butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan atoqli olim mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, barkamol avlodni voyaga yetkazishda samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Zahmatkash olimning halol mehnati, samarali faoliyati, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi davlatimiz tomonidan munosib qadrlanib, 2009 yil «Mehnat shuhrati» ordeni, 2017 yil «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi» faxriy unvoni, 2020 yil «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan edi.
Anjumanda ustozning boy ilmiy-ma’naviy faoliyati, qoldirgan bebaho ma’naviy merosi haqida so‘z yuritildi. «Ibratli umr», «Yuksak g‘ayrat sohibi», «Imom Buxoriy va Imom Termiziy bilimdoni» kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
U.Uvatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida akademiyada tashkil etilgan sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi. Anjuman doirasida Ubaydulla Uvatov muallifligidagi kitoblar taqdimoti va ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA