Atomçilar şaharçasi qanday ekologik tamoyillar asosida quriladi?
Issiq iqlim şaroitida yangi şahar qurişda faqat zamonaviy binolar va qulay infratuzilma yaratişning özi kifoya qilmaydi. Köçalardagi harorat, havo almaşinuvi, yaşil hududlarning barqarorligi va suvdan foydalaniş samaradorligi ham şahar muhitining sifatiga bevosita taʼsir körsatadi.
Ayniqsa, yozda havo harorati yuqori böladigan Jizzax viloyatining Foriş tumanida bu masalalar şaharsozlikning muhim yönalişlaridan biriga aylanadi.
Şu nuqtai nazardan, atomçilar şaharçasini ekourbanistika tamoyillari asosida barpo etiş konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Unda tabiiy iqlim imkoniyatlaridan foydalaniş, resurslar sarfini kamaytiriş va aholi uçun qulay yaşaş muhitini şakllantirişga qaratilgan yeçimlar örin olgan.
Loyihaning uşbu jihatlari yuzasidan “Özatom” tizimidagi “Atom elektr stansiyasi qurilişi direksiyasi” davlat korxonasining sanoat xavfsizligi, mehnat va atrof-muhitni muhofaza qiliş bölimi boşliği Aleksandra Xidirnazarova ÖzA muxbiriga sözlab berdi.
– Ekourbanistika şahar muhitini faqat arxitektura nuqtai nazaridan emas, balki tabiat, inson va infratuzilma örtasidagi özaro boğliqlikni hisobga olgan holda şakllantirişdir. Bunda energiya va suv tejamkorligi, yaşil hududlar, ijtimoiy obʼektlarning joylaşuvi hamda aholining kundalik harakatlanişi yagona tizim sifatida qaraladi.

Forişning iqlim şaroitidan kelib çiqib, şaharçada barqaror mikroiqlim yaratişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uçun binolarning arxitekturasi va joylaşuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, uylar va boşqa inşootlarni şunday rejalaştiriş mumkinki, ular kunning eng issiq soatlarida köçalar, yölaklar va jamoat maydonlariga tabiiy soya tuşiradi. Bunday yondaşuv oçiq hududlarning quyoşda qizib ketişini kamaytirişga xizmat qiladi.
Yana bir samarali yeçim esa tabiiy şamol harakatidan foydalaniş hisoblanadi. Şahar köçalarini hududdagi ustuvor şamol yönalişlarini hisobga olgan holda joylaştiriş asnosida havo almaşinuvini yaxşilaş mumkin. Bu esa binolar orasida issiq havo töplanişini kamaytiriş va şaharning umumiy mikroiqlimini yaxşilaşga yordam beradi.
Kökalamzorlaştirişda ham hududning tabiiy xususiyatlarini inobatga oliş zarur. Issiq iqlimda köp suv talab qiladigan ösimliklardan keng foydalaniş samarali yeçim bölmasligi mumkin. Şuning uçun qurğoqçilikka çidamli, mahalliy şaroitga moslaşgan, çangni uşlab qoliş va soya hosil qiliş xususiyatiga ega ösimlik turlarini tanlaş muhim. Bunday "aqlli" kökalamzorlaştiriş yaşil hududlarni saqlaş bilan birga, suv resurslarini ham tejaş imkonini beradi.
Suvdan oqilona foydalaniş masalasi ham eʼtibor markazida. Xususan, “yaşil” maydonlarni suğorişda tomçilatib suğoriş tizimini qöllaş közda tutilmoqda. Uşbu texnologiya suvni bevosita ösimlik ildiziga yetkaziş orqali uning buğlanişini va ortiqça sarflanişini kamaytiradi. Şuningdek, tuproq şörlanişi bilan boğliq xavflarni çeklaşga yordam beradi.
Şaharni yangidan barpo etişning yana bir afzalligi esa uning infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida dastlabki bosqiçdanoq rejalaştiriş imkoniyatidir. Şu sababli, atomçilar şaharçasida "15 daqiqalik şahar" konsepsiyasini joriy etiş nazarda tutilgan. Bu tamoyilga köra, aholi taʼlim, tibbiyot, sport, madaniyat va boşqa kundalik xizmatlardan foydalaniş uçun uzoq masofalarni bosib ötişiga hojat qolmaydi.
Bunda piyodalar va velosiped yölaklariga ham ustuvorlik beriladi. Ularni daraxtlar soyasida yoki quyoş panellari örnatilgan pergolalar ostida taşkil etiş orqali yozgi issiq kunlarda ham harakatlaniş uçun qulay şaroit yaratiş mumkin.
Binolarning energiya samaradorligini oşiriş ham ekourbanistik yondaşuvning muhim qismidir. Zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi, muqobil energiya manbalari va "aqlli" yoritiş tizimlaridan foydalaniş orqali elektr energiyasi isteʼmolini kamaytiriş va resurslardan yanada samarali foydalaniş imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida 200 gektar maydonda qariyb 33 ming nafar aholiga möljallangan atomçilar şaharçasi qurilişi belgilangan. Bu yerda 10 mingga yaqin xonadon bilan bir qatorda maktablar, maktabgaça taʼlim taşkilotlari, tibbiyot muassasalari, sport va madaniyat inşootlari, dam oliş maskanlari hamda yaşil hududlar barpo etiladi.
Mazkur şaharça mamlakatdagi birinçi integratsiyalaşgan atom elektr stansiyasi yaqinida joylaşadi. AES qurilişi "Rosatom" davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oşirilmoqda. Loyihaning öziga xos jihati şundaki, yagona maydonda katta quvvatli “VVER-1000” energobloklari va “RITM-200N” kiçik modulli energobloklari birlaştiriladi.
Taʼkidlaş joizki, Forişdagi atomçilar şaharçasi loyihasida zamonaviy şaharsozlikni ekologik barqarorlik bilan uyğunlaştirişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tabiiy soyadan foydalaniş, havo aylanişini taʼminlaş, suv resurslarini tejaş va energiya samaradorligini oşirişga qaratilgan yeçimlar hududning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda qulay yaşaş muhitini şakllantirişga xizmat qiladi. Bu esa yangi şaharni barpo etişda ekourbanistika tamoyillarining amaliy ahamiyatini namoyon etadi.
ÖzA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.