Atom energetikasi sohasida davlat boshqaruvi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
(+video)
Atom energetikasini rivojlantirishda davlat boshqaruvi tizimi, vakolatli organlarning vazifalari hamda yadroviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘nalishda davlat organlarining vakolatlari, mahalliy hokimiyatlarning ishtiroki va xalqaro standartlarga rioya etish tartibi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan.
"Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi" davlat korxonasi yuridik bo‘limi bosh mutaxassisi Dilnoza Sobirova bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
– Atom energiyasidan tinch maqsadlarda xavfsiz va samarali foydalanishni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, ilmiy, konstruktorlik va loyihalashtirish tashkilotlari hamda boshqa vakolatli tuzilmalar o‘z vazifalari doirasida faoliyat yuritadi.
Mazkur tizimda "O‘zatom" agentligi atom energetikasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tarmoqni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
Shu bilan birga, vakolatli davlat organlari atom energiyasidan xavfsiz foydalanish, fuqarolar sog‘lig‘i va atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, atom ob’ektlari joylashgan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Mahalliy hokimiyat organlari esa aholini radiatsiyaviy vaziyat haqida o‘z vaqtida xabardor qilish, favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish, avariyalar oqibatlarini kamaytirish hamda atom ob’ektlari bilan bog‘liq masalalar muhokamasini tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
Atom elektr stansiyalarining xavfsizligi Xalqaro atom energiyasi agentligi tavsiyalari va xalqaro standartlar asosida 3+ avloddagi eng zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash asosida ta’minlanadi. Shuningdek, XAEA O‘zbekistonning yadroviy infratuzilmasini muntazam baholab, xavfsizlik bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga rioya etilishi hamda yadroviy materiallar hisobi va nazorati xalqaro talablar asosida yuritilishini kuzatib boradi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Yoqubjon Meliboyev,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj),
O‘zA