O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi boshlandi
Senatda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start beruvchi “Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva boshqargan tadbirda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakili, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati rahbariyati hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) oyligi davomida respublika bo‘ylab yuzlab tadbirlar tashkil etilishi qayd etildi. Jumladan, parlament eshituvlari, mahalliy kengashlar sessiyalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, mahallalarda uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus media-loyihalar amalga oshiriladi.

BRM oyligini o‘tkazishdan maqsad – aholida BRM g‘oyalariga daxldorlik hissini mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini keng namoyon etish va umumiy maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdir.
Konferensiyada so‘zga chiqqan ma’ruzachilar, xorijiy va milliy ekspertlar ta’kidlaganidek, mamlakatimiz 16 ta milliy BRM va 126 ta vazifani qabul qilib, ularni “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bilan to‘liq uyg‘unlashtirgan.
Mazkur strategik yondashuv asosida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida BRMning 70 foizdan ortig‘i bo‘yicha sezilarli ijobiy natijalarga erishilib, 45 foizi bo‘yicha esa belgilangan ko‘rsatkichlar to‘liq ro‘yobga chiqarildi. Ayniqsa, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yil yakunida 5,8 foizga qisqardi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetdi.

Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 27 foizdan 35 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy kengashlarda esa 32,5 foizga yetdi.
Olib borilgan tizimli va qat’iy islohotlar natijasida 2026-yilda O‘zbekiston BRM indeksida 167 davlat orasida 65-o‘rinni egalladi.
Bu natijalarning barchasi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash va barqaror taraqqiyotni kafolatlashga xizmat qilayotganining yaqqol ifodasidir.
N.Abduraimova, O‘zA