Global va mintaqaviy muammolar kuchayishi asnosida Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN)ga a’zo mamlakatlar ham o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirishga intilayotgani tabiiy. Xususan, ushbu mintaqaviy tuzilmaning Laos poytaxti Ventyan shahrida o‘tkazilgan navbatdagi sammitida qabul qilingan qo‘shma deklaratsiyada Hind-Tinch okeani (Osiyo-Tinch okeani) mintaqasida ASEANga yo‘naltirilgan mintaqaviy arxitekturani mustahkamlashga umumiy sodiqlik ifodalangan.
Hujjatda, jumladan, shunday deyilgan:
– ASEAN mexanizmi asosida rivojlanayotgan mintaqaviy arxitekturani shakllantirish, tuzilmani boshqarish, shuningdek geosiyosiy va geostrategik siljishlarga munosabat bildirish zarurati tobora dolzarb tus olmoqda. Shu bois Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlari, xususan yanada kengroq hudud – Osiyo-Tinch okeani yoki Hind-Tinch okeani mintaqasi uchun tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni buzish emas, balki mustahkamlashda davom etishni ta’minlash bo‘yicha yakdil qaror qabul qilindi. ASEAN davlatlari kelajakka tayyor mintaqada muloqot va hamkorlik madaniyatini ta’minlash orqali xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlaydigan ochiq, shaffof, barqaror, inklyuziv va qoidalarga asoslangan arxitektura yaratish majburiyatini oladi.
Mintaqaviy blok rahbarlari tomonidan ASEANning markaziy rolini kuchaytirish va mavjud mexanizmlar – ASEAN+1, ASEAN+3, Sharqiy Osiyo sammiti, ASEAN mintaqaviy xavfsizlik forumi orqali strategik ishonchni mustahkamlash va muvaffaqiyatlar yo‘lida hamkorlik o‘rnatish uchun strategik muhokamalar olib borilishi ta’kidlangan.
Mintaqaviy xalqaro tuzilma – ASEAN tarkibiga Tailand, Malayziya, Singapur, Bruney, Indoneziya, Filippin, Vetnam, Laos, Kamboja va Myanma kirgan. Laos 2024 yil uchun raislik vazifasini bajarmoqda.
Sammit doirasida kechgan qator uchrashuvlar yakunida 2025 yil raislik maqomi Malayziyaga o‘tishi ma’lum qilindi.
S.Rahimov, O‘zA