Asalarilar yo‘qolsa, tabiat muvozanati buziladi
20-may — Butunjahon asalarichilar kuni
Tabiatning eng mehnatkash va inson hayoti uchun beqiyos ahamiyatga ega jonzotlaridan biri, asalarilardir. Ular nafaqat shirin asal manbai, balki butun ekotizim barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi rivojining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Shu bois ham dunyo miqyosida asalarilarni muhofaza qilish, asalarichilik sohasini rivojlantirish va aholi e’tiborini tabiatga ehtiyotkor munosabatga chorlash maqsadida har yili 20-may sanasi Butunjahon asalarichilar kuni sifatida nishonlanadi.

Ushbu sana zamonaviy asalarichilik asoschilaridan biri sanalgan sloveniyalik mashhur asalarichi Anton Yansha tavallud kuni bilan bog‘liq. U asalarilarni parvarish qilish, ularning hayot tarzi va mahsuldorligini oshirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni shakllantirgan. Anton Yanshaning asalarichilik sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi tufayli 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 20-may rasman “Butunjahon asalarichilar kuni” deb e’lon qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dunyoda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining katta qismi aynan asalarilar orqali changlanadi. Agar asalarilar soni kamaysa, bu nafaqat tabiat muvozanatiga, balki inson oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli bugungi kunda ko‘plab davlatlarda asalarilarni muhofaza qilish, ekologik toza muhit yaratish va kimyoviy vositalardan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Asal esa qadimdan inson salomatligi uchun shifobaxsh mahsulot sifatida qadrlanib kelgan. U immunitetni mustahkamlaydi, organizmga quvvat beradi va xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Asalarichilik esa nafaqat daromad manbai, balki mehr, sabr va tabiat bilan uyg‘unlikni talab qiladigan sharafli kasbdir.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ham asalarichilik sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi asalarichilik xo‘jaliklari tashkil etilib, mahalliy asal mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu esa soha rivoji bilan birga ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston asali o‘zining tabiiyligi va sifati bilan nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Yurtimizning tog‘li va ekologik toza hududlarida yetishtirilayotgan asal mahsulotlari o‘ziga xos ta’m va shifobaxsh xususiyatlari bilan ajralib turadi. Asalarichilik sohasida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz esa nafaqat asal yetishtirish, balki tabiat muvozanatini saqlash va qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA