Ko‘chmas mulk uchun soliq bazasi bozor qiymati asosida aniqlanadi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi 253-son qarori bilan “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom Soliq kodeksiga muvofiq ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda yog‘och mahsulotlari bo‘yicha soliq bazasini bozor qiymati asosida aniqlash tartibini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, agar soliq to‘lovchi tomonidan hisob hujjatlarida ko‘rsatilgan tovar narxi bozor narxidan 20 foizdan ortiq past yoki yuqori bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasini bozor qiymatidan kelib chiqqan holda qayta hisoblaydi.
Soliq bazasini aniqlashda taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalaniladi. Ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati esa vakolatli organ tomonidan ommaviy baholash asosida belgilanadi.
Shuningdek, soliq organlari bozor narxlarini aniqlashda notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, auksion va davlat xaridlari platformalari, sotuvchilarning narxnomalari hamda boshqa rasmiy manbalar ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin.
Nizomga muvofiq, tovarlarning bozor narxi birja savdolarida sotilayotgan aynan o‘xshash yoki bir turdagi tovarlar narxlari asosida belgilanadi.
Mazkur tartib soliq tizimida ochiqlikni ta’minlash, sun’iy narx o‘zgarishlarining oldini olish va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA