"Arsenal" yulduziga Qatardan taklif tushdi
Transfermarkt futbolchining bozor qiymatini 45 million yevroga baholamoqda.
Gabriel Martinellining Londonning «Arsenal» klubidan ketishi haqidagi gaplar yana kun tartibiga chiqdi. Braziliyalik futbolchiga yangi da’vogar — Qatarning «Al-Sadd» klubi qo‘shildi. Bu haqda jurnalist Matteo Moretto xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Qatarning «Al-Sadd» klubi 25 yoshli vingerning vaziyatini diqqat bilan kuzatmoqda. «Arsenal» Martinellining transferidan 50 million yevrodan ko‘proq daromad olishni kutmoqda. Transfermarkt esa futbolchining bozor qiymatini 45 million yevroga baholamoqda.
Martinelliga qiziqish bildirayotgan boshqa klublar qatorida Italiyaning «Napoli» va Turkiyaning «Galatasaray» jamoalari ham bor.
Qayd etish joiz, vinger yakshanba kuni Angliya Superkubogida «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazilgan va «Arsenal»ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv uchun qaydnomaga kiritilmadi.