AQSH va O‘zbekiston shaxmatchilari olimpiada oldidan kuch sinashdi
AQSHning Mayami shahrida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan "WR Chess Rapid & Blitz" musobaqasi yakunlandi.
Ikki kunlik keskin va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 1-o‘rinni egallab kelayotgan AQSH terma jamoasi umumiy hisobda 14:10 ko‘rinishida g‘alaba qozondi.
Xususan, rapid yo‘nalishidagi musobaqalarda AQSH jamoasi 5 ochko jamg‘argan bo‘lsa, O‘zbekiston shaxmatchilari 3 ochkoga ega bo‘lishdi.
Kecha o‘tkazilgan blits bahslarida ham okean orti vakillari ustunlikka erishdi. AQSH-O‘zbekiston - 9:7.
Shaxmatchilarning alohida ko‘rsatkichlari borasida terma jamoamiz a’zolari Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov o‘tkazilgan 12 ta turda 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu, ularni ishtirokchilar orasida yetakchilikka erishishini ta’minladi.

Biroq, yakkalikda Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovning kerakli natijalarga erisha olmagani, aksincha AQSH terma jamoasining 4 nafar a’zosi mo‘’tadil ochko jamg‘argani jamoaviy ko‘rsatkichlarda amerikaliklarning muvaffaqiyatga erishishiga olib keldi.
Nima bo‘lganda ham, joriy yil sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ostonasida tashkil etilgan ushbu musobaqa har ikki jamoa uchun ikki yillik olimpiadaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA