AQSH va Eron vaqtincha sulh muddatini uzaytirishi mumkin
AQSH va Eron muddati tugayotgan sulhni ikki haftaga uzaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu qadam tinchlik muzokarasini davom ettirish, mintaqaviy keskinlikni yumshatish uchun muhim. Murakkab muammolar esa hamon saqlanib qolmoqda.
“Bloomberg” agentligi xabariga ko‘ra, 21 aprel kuni muddati tugaydigan bitimni yana ikki haftaga uzaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokarani davom ettirish uchun qo‘shimcha vaqt yig‘ish. Hozir xalqaro vositachilar tomonlar o‘rtasidagi eng bahsli mavzular, xususan Hurmuz bo‘g‘ozida kema qatnovini tiklash, Eronning uranni boyitish dasturiga oid texnik muzokara tashkil etishga urinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, har ikki davlat harbiy harakat qayta boshlanishiga qarshi, biroq muhim masalalarda hamon jiddiy kelishmovchilik mavjud. Masalan, Vashington Tehrondan uran boyitilishini 20 yilga to‘xtatishni talab qilyapti. Islom Respublikasi esa bu muddatni 5 yil bilan cheklash niyatida. Shuningdek, dunyo miqyosida tashiladigan neftning beshdan biri o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik masalasi ham diqqat markazida turibdi. Hozircha AQSH rasmiylari sulhni uzaytirishga batamom rozi ekanini tasdiqlamagan, Eron esa vaziyatga izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, tomonlar 8 apreldan boshlab ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatgan. Islomobodda o‘tgan avvalgi muloqotda uzil-kesil kelishuvga erishilmadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA